Kuz faslida O‘zbekiston hukumati katta o‘zgarishlar sari yuz burmoqda, xususan valyuta erkin konvertatsiyasidan boshlab, ayrim tovar va mahsulotlarga qo‘yilgan aksiz soliqlar, boj to‘lovlarini pasaytirishi shu sirasidan. Kun.uz kuz faslida yuz bergan jarayonlar ichida eng diqqatga sazovor beshta iqtisodiy o‘zgarishlarni sarhisob qildi.
1. Valyuta erkin konvertatsiya amaliyoti

Hech shubhasiz, ushbu amaliyotning joriy etilishi mamlakatda iqtisodiy hayotni birmuncha yangiladi. Endilikda bank filiallariga murojaat qilgan har qanday shaxs erkin valyutani ayirboshlash huquqidan foydalana oladi. Ammo, hozirgacha naqd pul ko‘rinishida xorijiy valyutani sotib olish bo‘yicha rasmiy bayonot berilmagan.
Reuters nashrining o‘z manbasiga tayanib bergan xabarida, bu amaliyot 1 oktabrdan bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Keyinroq, xorijiy valyutani naqd pul ko‘rinishida bank filiallaridan sotib olish 10 oktabrdan boshlanishi ma'lum qilingandi. Shunga qaramay, 5-12 sentabrning o‘zida aholi 200 milliondan ortiq AQSh dollarni bankda so‘m valyutasiga ayirboshlagan. Yuridik shaxslar esa 100 million dollarni almashtirgani qayd etilmoqda.
2. Xalqaro pul o‘tkazmalarini so‘mda amalga oshirish mumkin
1 oktabrdan boshlab Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Ukraina, Belarus, Moldova, Ozarboyjon va Armanistonga pul o‘tkazmalarni so‘mda yuborish mumkin, deb bayonot bergan «O‘zbekiston pochtasi» AJ rahbariyati. Pul o‘tkazmasi amalga oshirilgan kundagi Markaziy Bank belgilagan valyuta ayirboshlash stavkasi bo‘yicha konvertatsiya amalga oshiriladi.
3. Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonda ish boshladi

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa investitsiya banki vakillari Vashington shahrida moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonda tashkil etilayotgan YeIB faoliyatiga oid bir nechta hujjatlar imzoladi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati Jahon Bankidan 1 milliard AQSh dollari miqdorida moliyaviy ko‘mak olishni rejalashtirmoqda.
















