Jahon | 09:58 / 23.10.2017
20017
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh bombardimonchilari 25 yil ichida ilk bor jangovar tayyorgarlikka keltirila boshlandi

Foto: U.S. Air Force / wikipedia

AQSh harbiy-havo kuchlari 1991 yildan beri birinchi bor o‘zining B-52 yadro bombardimonchilarini jangovar tayyorgarlikka keltira boshladi. Bu haqda AQSh HHK generali Devid Golfeyn Defence One nashriga ma'lum qilgan

Golfeynning ta'kidlashicha, bombardimonchilarni 24 soatlik jangovar tayyorgarlikka keltirish buyrug‘i hali berilmagan, biroq bu yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda. 

Generalning aytishicha, "dunyoda yadroviy qurolni qo‘llash haqida ochiqchasiga gapirayotgan odamlar bor, shu sababli ogoh bo‘lish va vaziyatlar rivojining turli variantlariga tayyor turish lozim".

"Bu dunyo endi AQSh va Sobiq ittifoq bor bo‘lgan ikki qutbli dunyo emas. Yadroviy salohiyatga ega bo‘lgan boshqa ishtirokchilar ham bor", deb qo‘shimcha qilgan general.

Shu bilan birga general AQSh to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan yadroviy salohiyatga ega davlatlar borasida aniq misollar keltirmagan, biroq nashrda "Shimoliy Koreyaning jadal rivojlanayotgan yadroviy quroli, AQSh prezidenti Donald Trampning Pxenyan bilan ziddiyatga borishi hamda Rossiya qurolli kuchlari kuchayib borayotgani" eslatib o‘tilgan.   

Boeing B-52 Stratofortress samolyoti ko‘p vazifali og‘ir, uzoq masofalarga uchuvchi qit'alararo strategik bombardimonchi bo‘lib, 1955 yildan beri AQSh qurolli kuchlari qurollanishida turadi. Samolyot tovushgacha tezlikda 15 km gacha balandliklarda turli qurol, jumladan yadroviy qurolni olib yurishi mumkin. Samolyotning asosiy vazifasi Sobiq ittifoqning istalgan nuqtasigacha ikkita termoyadroviy bombani yetkazishdan iborat bo‘lgan.

Mavzuga oid