18:40 / 23.10.2017
18638

«Barsa» o‘yinidagi shubhali gol, chempionlik sari uchayotgan «ko‘rshapalaklar» va Benzemaning Linekerga javobi

Bugun, 23 oktabr kuni «Real Sosedad»-«Espanol» hamda «Deportivo»-«Jirona» uchrashuvlari orqali Ispaniya chempionatida 9-tur yakunlanadi. «Tribuna» turning asosiy voqealariga to‘xtalib o‘tadi.

«Ko‘rshapalaklar» parvozi

«Valensiya» - «Sevilya» - 4:0
Gollar: Gonsalo Gedesh (43, 90+2), Dzadza (51), Santi Mina (85)

O‘tgan haftada Moskvada yirik hisobda mag‘lub bo‘lib qaytgan andalusiyaliklarda tushkunlik davom etadi. Bu mavsumda juda yorqin o‘yinlar ko‘rsatayotgan «ko‘rshapalaklar»biroz avval «Sevilya»ning o‘rni bo‘lgan ikkinchi o‘ringa joylashib oldi. Bu jamoa oxirgi 5 turda 21 gol urdi. Valensiyaliklar bunday samaradorlikni 1953 yildan buyon qayd etishmagandi. «Mestalya» – Eduardo Berisso jamoasi uchun eng noqulay stadion bo‘lib qolmoqda, bu yerda sevilyaliklar oxirgi 6ta rasmiy o‘yinda mag‘lub bo‘lishgan.

Bu safargi o‘yinda sevilyaliklar omadsizlik tufayli ham mag‘lub bo‘lishdi. Avvaliga, birinchi bo‘lim o‘rtalarida mehmonlar himoyachisi Langle jarohat tufayli maydonni tark etishdi, keyinroq jamoa himoyachilari mezbonlar hujumchisi Rodrigoni ikki marta golli pas bilan ta'minlashdi. «Valensiya»ning portugaliyalik hujumchisi Gonsalu Gedesh bu o‘yinda ham faollik ko‘rsatdi. Endi Krishtianu Ronaldu emas, aynan u Yevropa chempionatlaridagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega portugaliyalik futbolchi bo‘lib turibdi (3 gol va 5 pas). Ayni vaqtda 20 yoshda bo‘lgan bu futbolchi o‘tgan mavsum yarmida «Benfika»dan «PSJ»ga o‘tgan, ammo asosiy tarkibdan joy ololmagandi. U endilikda «Valensiya» chap qanoti qiroliga aylandi va Kili Gonsales, Visente Rodriges, Davida Silva hamda Xuan Mata o‘rnini bosa olmoqda.

Kerning xatosidan keyin Dzadza yakuniy hisobni o‘rnatdi – u ayni vaqtda Yevropadagi eng samarador hujumchilar qatorida. U darvozalarga 7 marta zarba berib, 7 gol urgan. Qolaversa, u ichki chempionatda qatorasiga 5ta o‘yinda gol urdi (7ta). Bunday natijani «Valensiya» safida oxirgi marta argentinalik Mario Kempes uzoq 1977 yilda qayd etgandi.

«Valensiya» ijrosidagi futbol ham katta taassurot qoldirmoqda, bu jamoa ikkinchi o‘rinni «Real»ga topshirmoqchi emas va birinchi o‘rindagi «Barselona»ga tinchlik bermoqchi emas.

Marselino jamoasining bu o‘yinlaridan keyin «Valensiya»ni mavsum chempionligi uchun asosiy da'vogarlar qatoriga kiritish mumkin.

Hakamning «Barselona» foydasiga xatosi

«Barselona» –  «Malaga» – 2:0 (1:0)
Gollar: Deulofeu, 2 (1:0). Inesta, 56 (2:0).
«Barselona»: ter Shtegen, Serxi Roberto, Maskerano, Yumtiti, Din, Rakitich, Buskets (Paulinyu, 76), Inesta, Messi, L.Suares (Pako Alkaser, 83), Deulofeu (Semedu, 72).
«Malaga»: Priyeto, Rosales, Bays, Ernandes, Xuan Karlos, Keko, Adrian Gonsales, Rolon (Chekkini, 68), Chori Kastro, Rolan (Anor, 46), Penyaranda (Borxa Baston, 72).
Ogohlantirishlar: Rosales, 21. Ernandes, 26. Adrian Gonsales, 39. Yumtiti, 74. Chekkini, 82.

Luis Enrikening «Barselona»si uchun «Malaga» eng noqulay raqiblardan biri edi (oxirgi 6 o‘yinda 2 g‘alaba, 2 durang va 2 mag‘lubiyat). Bu davrda hech qaysi jamoa «Barselona»dan shuncha ko‘p ochko olmagandi. Lekin bu safar hech kim bunday natija kutmayotgandi.

«Malaga» mavsumni juda yomon boshladi. O‘tgan mavsumda jamoani ligada saqlab qolishni uddalay olgan Michelning ishlari joyida emas. Yozda jamoani Kameni, Diyego Lorente, Fornals va Sandro tark etishdi. Endi jamoa o‘rtamiyonalar qatoriga qaytishni orzu qilmoqda.

«Malaga» bu vaqtgacha 8 turda faqat bir ochko ishlagan, atigi 4ta gol urgandi. Bunday yomon startni 1956-57 yilgi mavsumda «Xaen», 1981-82 yilgi mavsumda «Kastelon», 1997-98 yilgi mavsumda «Sporting» Xixon va 2007-08 yilgi mavsumda «Saragosa» jamoalari qayd etishgandi. Bu jamoalardan faqat «Xaen» vaziyatni o‘nglay olgan va mavsum oxirida ligada qolgan, boshqalarida muvaffaqiyatsizlik mavsum oxiriga qadar davom etib, bu jamoalar segundaga ravona bo‘lishgandi.

Yana «Kamp Nou»ning to‘la tribunalarida o‘tkazilgan o‘yinda mezbonlar birinchi raqam ostida harakat qilishdi (uch hafta oldin jamoaning «Las-Palmas»ga qarshi oxirgi uy uchrashuvi Kataloniyadagi referendum sabab bo‘sh stadionda o‘tkazilgandi).

«Barselona» 8-turni «Atletiko»ga qarshi safarda o‘tkazgan va 1:1 hisobidagi durang bilan qaytgandi. Shuningdek, YeChL guruh bosqichi doirasida «Olimpiakos»ga qarshi kechgan o‘yinda ishonchli g‘alaba qayd etildi - 3:1.

Agar «Malaga»ga qarshi o‘yinda Luis Suares gol urganida u La Liganing 19 jamoasiga qarshi o‘yinlarda gol urgan futbolchi bo‘lardi. U ushbu jamoaga qarshi shu paytgacha 5 marta maydonga tushgan va maydonni golsiz tark etgandi.

Bu o‘yinda ham urugvaylik hujumchining omadi kulib boqmadi. O‘yinning ilk daqiqalaridanoq Din to‘p bilan raqib jarima maydonida harakat qildi, uni maydondan chiqarib ham yubordi, ammo u to‘xtamadi va hakam ham o‘yinni to‘xtatmadi. Natijada u maydon tashqarisidan olib kirib uzatgan to‘p Jyerar Deulofeu orqali «Malaga» darvozasiga kirdi.

Tezkor goldan keyin mezbonlar xotirjamlikka berilishdi, «Malaga» esa hujum ortidan hujum uyushtira boshlashdi. «Malaga» bir necha marta hisobni tenglashtirishga juda yaqin keldi, ammo Mark-Andre ter-Shtegen har safar ishonchli harakat qildi. Birinchi bo‘limda hisob o‘zgarmay qoldi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Lionel Messining ajoyib harakatlaridan keyin to‘pni qabul qilib olgan Andres Inesta o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi - 2:0.

E'tiborli jihati, «Malaga» 8 turda o‘tkazgan 18 goldan 14 gol o‘yinlarning 60-daqiqasidan keyin urilgan.

Bu mag‘lubiyatdan keyin «Malaga» 1 ochko bilan turnir jadvalining oxirgi o‘rnida qolmoqda, «Barselona» ochkolari sonini 25taga yetkazib peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Benzemaning Linekerga javobi

«Real» – «Eybar» – 3:0 (2:0)
Gollar: Oliveyra, 18 - avtogol (1:0). Asensio, 28 (2:0). Marselo, 82 (3:0)
«Real»: Kasilya, Nacho, Varan, Serxio Ramos, Ernandez, Kazemiru, Modrich, Sebalos (Marselu, 71), Isko (Vaskes, 71), Krishtianu Ronaldu, Asensio (Benzema, 64)
«Eybar»: Dmitrovich, Xose Anxel, Lomban, Oliveyra, Arbilya, Kapa (Penya, 73), Rivera, Eskalante (Serxio Enrich, 79), Xoan Xordan, Inui, Sharles (Kike, 63)
Ogohlantirishlar: Kazemiru, 23. Sharles, 24. Sudya: Alvares Iskierdo (Ispaniya)

«Real» hujum chizig‘ining bu mavsumdagi sustkashligi futbol jamoatchiligini e'tiborini o‘ziga qaratdi. Xususan, Gari Lineker Karim Benzema manzili tomon o‘zining achchiq gaplarini yo‘llagandi. U bu futbolchining iqtidoriga baho berishda oshirib yuborilganini ta'kidlagandi. Madridliklar jamoasi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan o‘z shogirdi yonini oldi va uni o‘zining eng yaxshi hujumchisi sifatida atadi.

Lineker esa munozarani davom ettirdi. U Harri Keyn yakshanba kuni «Liverpul» darvozasiga ikki gol urgach yana tvit yozdi: «Keyn yana gol urdi. Zidan Benzemani eng yaxshi deb atamoqda, demak, «Real» Keynni qo‘lga kiritishni istamayapti va bu yaxshi».

«Real»ning «Eybar»ga qarshi o‘yinini fransiyalik hujumchi zaxirada boshladi, ammo u ikkinchi bo‘limda maydonga chiqdi va tanqidlarga javob qaytardi. Benzema Asensio o‘rniga maydonga tushdi va o‘zi gol urmasada, Marseloni ajoyib pas bilan ta'minladi – braziliyalik futbolchi esa o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi - 3:0. 2009/10 yilgi mavsumdan keyingi davrda Ispaniya chempionatida 3 nafar eng ko‘p pas bergan hujumchilar uchligi quyidagicha: Messi (113 uzatma), Ronaldu (83) va – oui oui, monsieur Benzema (59).

«Atletiko» Vigoda omadsiz seriyaga chek qo‘ydi

«Atletiko»ning g‘alabasiz seriyasi barchani hayron qoldira boshlagandi. Vigodagi o‘yingacha Simeone shogirdlari barcha turnirlar doirasida qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba qozona olmadi – 3 durang va 1 mag‘lubiyat. «Atletiko» muxlislari bu seriya 5 o‘yinga yetishiga chiday olishmasdi. Qolaversa, poytaxt jamoasi «Balaidos» stadionidan shu vaqtgacha 21 marta g‘alaba bilan qaytgandi. Taqqoslash uchun, «Barselona»da bu ko‘rsatkich 20ta o‘yin, «Real»da – 18.

«Matraschilar» safida bu mavsumda ilk marta maydonga chiqqan Kevin Gameyro ilk golini nishonladi va jamoasiga g‘alaba keltirdi. Ikkinchi bo‘limda hakam jarima maydoni ichida Gabining qo‘liga to‘p tekkanini ko‘rmadi, mezbonlarning boshqa urinishlarini Yan Oblak qaytarib turdi va «Atletiko» kichik hisobdagi g‘alabani saqlab qoldi.

«Quruq» «Leganes»

«Leganes» 4-turda «Eybar»ga yutqazgach (0:1), o‘tgan vaqt ichida darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda (487 daqiqa) – bu Yevropa chempionatlaridagi eng uzoq davom etayotgan «quruq» seriyadir. 9-turda bu jamoa «Atletik» ustidan g‘alaba qozondi (1:0) va 5-o‘ringa ko‘tarildi.

To‘purarlar

Tur natijalari

«Levante» - «Xetafe» - 1:1 (0:0)
Gollar: Fajr, 58 (0:1). Morales, 62 (1:1).
«Betis» - «Alaves» - 2:0 (1:0)
Gollar: Sanabriya, 13 (1:0). Aleksis, 75 - avtogol (2:0).
«Valensiya» - «Sevilya» - 4:0 (1:0)
Gollar: Gonsalu Gedesh, 43 (1:0). Dzadza, 51 (2:0). Mina, 85 (3:0). Gonsalu Gedesh, 90+2 (4:0)
«Barselona» - «Malaga» - 2:0 (1:0).
Gollar: Deulofeu, 2 (1:0). Inesta, 56 (2:0).
«Vilyarreal» - «Las-Palmas» - 4:0 (0:0).
Gollar: Bakambu, 48 (1:0). Mario Gaspar, 65 (2:0). Ksimo Navarro, 67 - avtogol (3:0). Sansone, 90+3 (4:0).
«Selta» - «Atletiko» - 0:1 (0:1).
Gol: Gameyro, 28 (0:1).
«Leganes» - «Atletik» - 1:0 (0:0).
Gol: Bovyu, 54 (1:0).
«Real» - «Eybar» - 3:0 (2:0).
Gollar: Oliveyra, 18 - avtogol (1:0). Asensio, 28 (2:0). Marselo, 82 (3:0).

Turnir jadvali

Top