Ledokol Group reklama agentligi O‘zbekistonda reklama va internet-reklama sohasida yetakchi o‘rinni egallaydi. 2008 yilda tashkil etilgan kompaniya juda yaqin orada o‘zining birinchi muhim yubileyini nishonlaydi - 10 yil. Bugungi kunda kompaniya yilda ikki marta o‘tkaziladigan va barcha bepul tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan Digital sohasidagi yetakchi konferensiyalarni tashkil etib kelmoqda. Uning asoschisi va rahbari Dilshod Muzaffarov kompaniya qanday paydo bo‘lganligi, bugun qaysi sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgani, shuningdek, mamlakat reklama bozorining o‘sish tendensiyalari haqida gapirib berdi.

Ko‘pchilik sizni USENET va Mobicon yirik konferensiyalari tashkilotchilari sifatida biladi, Ledokol Group bugun yana nima bilan shug‘ullanmoqda?

Ha, biz haqiqatdan ham O‘zbekistonda internet marketing sohasida eng yirik xalqaro konferensiyalarni o‘tkazamiz. Shu bilan birga, USENET (http://usenet.uz) keng ko‘lamli katta shakldagi konferensiya sanalsa, Mobicon (http://mobicon.uz) – mobil soha bo‘yicha. Har ikki tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Biz buni yuqori qadrlaymiz. Har bir konferensiyaga har yili 1000 dan ortiq kishi tashrif buyuradi. Bundan tashqari, bu Google, Yandeks, Mail.ru Group va jahondagi yetakchi boshqa AT-kompaniyalar vakillarini jonli tinglash uchun bo‘lgan yagona tadbirlardir. OTM rektorlari taklifiga ko‘ra, bizning mutaxassislar ma'ruzalar o‘qishadi, unda startaplar, umuman internet-texnologiyalar haqida ma'lumot beriladi.

Bundan tashqari, bizning kompaniyamiz deyarli 10 yildan beri reklamani joylashtirish bilan professional darajada shug‘ullanadi. Biz O‘zbekistonning televideniye va internet-yo‘nalish integratsiyalashuvi sohasida tan olingan mutaxassislarmiz. Biz ushbu ikki eng kuchli reklama kanalini birlashtiramiz va mijozlarimizga yordam beramiz.

Uzoq vaqt davomida siz Mail.ru’ning O‘zbekistondagi eksklyuziv vakillari edingiz. Nega hamkorlikni to‘xtatildi?

Mail.ru Group bilan hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Bu davr (2013-2016 yillar) biz uchun juda ko‘p narsani berdi, xususan bozordagi nom va mijozlar. Biroq, so‘nggi yillarda MRG o‘zining MyTarget reklama tizimini faol ravishda ilgari surmoqda, u reklamani mustaqil joylashtirish imkonini beradi – buning uchun Visa turidagi valyuta kartochkasining bo‘lishi yetarli. Bu tarmoq orqali joylashtirish ancha shaffof va foydali ham. Shuning uchun, eksklyuziv hamkorlikka zarurat qolmadi. Endi ushbu maydonchalarni o‘zlari uchun tanlagan barcha mijozlarimizni shu tizim orqali bemalol joylashtirmoqdamiz.