22:07 / 23.10.2017
14172

Erdo‘g‘an: "Turkiya Yevropaga emas, Yevropa Turkiyaga muhtoj"

Foto:aa.com.tr

Kecha bosniyaliklarni nomunosib deb hisoblab, ularga mensimay munosabatda bo‘lgan mamlakatlar bugun suriyaliklar, falastinliklar va liviyaliklarga nisbatan ham shunday munosabatda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Bosniya va Gertsegovinaning birinchi prezidenti Aliya Izetbegovich vafotining 14 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda shunday bayonot bilan chiqdi. "Anadolu" agentligi shu haqida xabar berdi. 

Turkiya davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bosim o‘tkazilayotgan mamlakatlar ro‘yxati o‘zgarmoqda, "biroq butun bir xalqning fojiasini indamay tomosha qilayotgan minbarlar tarkibi o‘zgarishsiz qolmoqda".

Erdo‘g‘an Yevropa qadriyatlari inqirozi Bosniyadayoq o‘zini namoyon etgani, Suriya esa mazkur jarayonning so‘nggi zvenosi ekanini ta'kidladi. 

"Yevropa mamlakatlari qirg‘oqlaridagi qochqin bolalar jasadlari G‘arb degradatsiyasidan dalolatdir. Afsuski, oxirgi 7 yilda G‘arb  qadriyatlari Yevropa mamlakatlarining o‘zi tomonidan diskreditatsiya qilindi", - dedi Turkiya prezidenti. 

Erdo‘g‘an Anqara Yevropa mamlakatlari yetakchilaridan Turkiya nomini bulg‘ashni bas qilishni kutayotganiga ishora qildi. 

"Yevropa yetakchilari yanada ratsional yondashuvni qo‘llashlari kerak. Ksenofobiyani targ‘ib qilish hech kimga foyda keltirmaydi. Islomofobiya to‘lqinida hukumat tepasiga kelishga bo‘lgan urinishlar inqiroz bilan tugashi muqarrar. Yevropa Turkiyasiz o‘zini o‘zi ziddiyatga mahkum qiladi", - deya izoh berdi davlat rahbari. 

"Turkiya Yevropaga emas, Yevropa Turkiyaga muhtoj. Yevropada hozir buni tan olmasliklari mumkin, biroq haqiqat shundan iboratki, murakkablashtiruvchi surunkali muammolardan davo Turkiyaning o‘zida. Muammolarni bartaraf qilishning yo‘li - Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a'zoligida", - dedi Erdo‘g‘an.

"Kimki Turkiyaga tahdid bilan bosim o‘tkazish mumkin deb o‘ylasa, qattiq adashadi. Ular o‘z tarixini unutishmoqda va tez orada qattiq adashganlarini tan olishadi. Turkiya chekinmoqchi emas va u fitnalarda ishtirok etmaydi. Anqara o‘z nufuzini saqlab qoladi va strategik maqsadlariga sodiq qoladi", - qo‘shimcha qildi prezident. 

Mavzuga oid
Top