07:56 / 23.10.2017
12405

«Kembriya patruli» tanlovi sovrindorlari O‘zbekistonda kutib olindi

Foto: Mudofaa vazirligi

Istiqlol bergan yangi imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan harbiy xizmatchilar ham bugun har jabhada ilg‘orlikka intilib, turli yo‘nalishlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tanlov va musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishyapti. Jumladan joriy yilning 10-17 oktabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 29 mamlakatdan kelgan 139 ta jamoa ichida faxrli ikkinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lishgani haqida avvalroq xabar berilgan edi. 

Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining KUN.UZ’ga xabar berishicha, mamlakatning mudofaa yo‘nalishidagi kuch-qudratini dunyoga namoyon etishda o‘z hissalarini qo‘shgan harbiy xizmatchilar 21 oktabr kuni ertalab Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantana bilan kutib olindi. Unda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi yoshlar va xalqaro tanlov ishtirokchilarining yaqinlari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida sovrindor jamoani taqdirlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirining buyrug‘iga ko‘ra tanlov ishtirokchilariga «Namunali xizmati uchun» II darajali ko‘krak nishonlari tantanali tarzda topshirildi.

Foto: Mudofaa vazirligi

–   Ta'kidlash kerak, “Kembriya patruli” xalqaro tanlovidagi ishtirokimiz juda mashaqqatli kechdi, – deydi tanlov ishtirokchisi mayor Anzur Meliyev. – Tog‘li joyda kunduzi quyosh nurini tuman qoplaydi, havo harorati past, har zamonda yog‘ayotgan yomg‘ir va namiqqan yer harakatni sekinlashtirardi. Shunga qaramasdan ilg‘orlar safidan joy olishga harakat qildik. Chunki zimmamizda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdek muqaddas vazifa bor edi. Birinchi marta ishtirok etganimiz, yangi hudud va iqlim sharoitining injiqliklari g‘alaba qozonishimizga bir oz xalal berdi. Ishonchim komil, keyingi musobaqalarda, albatta, marra bizniki bo‘ladi.

Foto: Mudofaa vazirligi

–   Shu yilning yoz oylarida bo‘lib o‘tgan Xalqaro armiya o‘yinlarida harbiy akalarimizning erishgan muvaffaqiyatlaridan rosa g‘ururlangan edik, – deydi Toshkent shahridagi Mirobod sanoat kasb-hunar kollejining maxsus guruhi o‘quvchisi Odilbek Bekxo‘jayev. – Busafar ular yana yurtimizga medallar shodasi bilan qaytgani qalbimizni havas va hayrat bilan to‘ldirdi. Kelajakda ular kabi mard, jasur, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lishni, ana shunday xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lib kelishni niyat qilganman.

Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Mudofaa vazirligi

 

Top