18:01 / 23.10.2017
23996

Rossiya davlat sirlarini himoya qilgan zobit IShID uchun janglardan so‘ng Tojikistonga topshirildi

Foto: Reuters

Rossiya fuqarosi va RF armiyasining sobiq kapitani Denis Xisamov Turkiyada qo‘lga olinganidan so‘ng Dushanbega olib ketildi. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xabar qilgan.

Rossiyalik zobitning Tojikistonga topshirilishiga sabab – u Turkiyaga Tojikiston fuqarosi nomiga rasmiylashtirilgan soxta pasport bilan kirgan, so‘ng IShID jangarilari safiga borib qo‘shilgan.

Tojikiston IIV xabarida ta'kidlanishicha, Xisamov Iroq hamda Suriya hududidagi jangovar harakatlarda faol ishtirok etgan, biroq Turkiya orqali Rossiyaga qaytib kelishga uringanida turk politsiyasi tomonidan soxta pasport bilan ushlangan.

Tojikiston IIV matbuot markazi boshlig‘i Umarjon Imomalining «Interfaks»ga aniqlik kiritishicha, Xisamov so‘roq paytida Rossiya Mudofaa vazirligidan 2009 yilda o‘z xohishiga ko‘ra ketganini xabar bergan. U bunga qadar Rossiya Mudofaa vazirligi 274-Ilmiy markazi davlat sirini himoya qilish xizmati boshlig‘i lavozimini egallagan. 

«Xisamov Denis Rossiya Federatsiyasiga jinoyatni amalga oshirish maqsadida qaytmoqchi bo‘lgan», - deya ta'kidlanadi Tojikiston IIV xabarida.

Top