14:30 / 23.10.2017
43524

«O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi»ning​ yangi logotipi uchun 10 million so‘m kimga nasib qildi?

«O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi»ning Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yuritilayotgan rasmiy sahifasida yangi logotipi uchun tanlov e'lon qilingandi.

Unga ko‘ra, 20 iyulga qadar nomzodlar tayyorlangan namunalarni tashkilot mutasaddilariga yuborishi, namunalarga ijtimoiy tarmoqda ovoz berilishi va eng ko‘p ovoz olgan nomzod g‘olib bo‘lishi belgilangandi. G‘olib uchun 10 million so‘m miqdoridagi mukofot va'da qilingandi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda tashkilotning amaldagi logotipiga juda o‘xshash ramz aks ettirilgan surat keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Tashkilot matbuot kotibi esa Kun.uz'ga «​bu vaqtincha logotip vazifasini o‘tab turuvchi belgi ekani, rasmiy logotip va tanlov g‘olibi keyinroq e'lon qilinishi»​ni aytdi. 

Oradan 2 oydan ortiq vaqt o‘tib, ya'ni 12 oktabr kuni mazkur tashkilotning rasmiy saytida xabar e'lon qilindi:

«​Logotiplar soha mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi va har tomonlama maqbul ko‘rilgan variant tanlandi. Hakamlar ijodiy ishlarni baholashda g‘oyaning teranligi va lo‘ndaligi, tashkilot falsafasi, bosma va nobosma materiallar, brendlashtirilgan mahsulot va korporativ sovg‘alariga moslashuvchanligi, yangichaligini inobatga olishdi.

Natijaga ko‘ra, Meliyev Rustam Tolipovich g‘olib deb topildi. Tanlov g‘olibiga Yoshlar itifoqi Markaziy Kengashi hisobidan o‘n million so‘m mablag‘ ajratildi».​​

Yuqoridagi tanlovda ishtirok etgan Javlon Jo‘rayev esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tanlov natijasiga o‘z munosabatini bildirdi.

«​Men shu tanlov uchun berilgan logoittifoq@umail.uz manziliga 4 xil dizayn variantini yubordim. Tanlov tashkilotchilaridan na javob, na tasdiq oldim. So‘ngi xatimda ulardan men yuborayotgan variantlarni qabul qilganliklarini tasdiqlashni so‘radim ham - ammo hech qanday javob kelmadi.

Bu orada Ittifoqning yangi sayti ishga tushdi va unda vaqtinchalik logotip ishlatildi. Shu kunlarda Ittifoq g‘olib bo‘lgan logotip variantini e'lon qildi. G‘olib logotip vaqtinchalik logotipga juda o‘xshash. Umuman, tanlov jarayoni haqida hech qanday ochiq axborot berilmadi. So‘ngi yangilikda Ittifoq ularga 450ga yaqin variantlar kelib tushganini aytib o‘tsada, bu variantlardan birortasi ochiq saylovga qo‘yilmadi.

Sizdan ushbu masalaga oydinlik kiritishda yordam so‘rayman. Tanlov qanday o‘tkazildi, nega tanlov avval aytilgan tartibda o‘tmadi, g‘olib sifatida e'lon qilingan shaxs kim, nega g‘olib variant vaqtinchalik logotipga bu qadar o‘xshash, nimaga asoslanib 10 million so‘m mukofot aynan shu logotip uchun berildi kabi savollarga Ittifoqdan javob kutamiz. Men fuqaro sifatida davlat byudjyetidan ajratilgan 10 million so‘m nimaga shu qadar noproffesional logotip dizayniga sarflanganini bilishni istayman»​, deydi u.

Bu tanlov yuzasidan tug‘ilgan savollarga javob olish uchun «O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi» Axborot xizmati bilan bog‘lanishga bo‘lgan harakatlar besamar ketdi. Tashkilot bu masalaga e'tibor qaratib, tegishli izoh berishi so‘rab qolinadi.

Top