17:50 / 24.10.2017
12529

Chirchiqdagi institutga Toshkentdan avtobus marshruti yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda

Foto: uzbekistan24.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a'zolari yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti yoshlari bilan uchrashib, institutning birinchi mehmoni sifatida talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Institutning asosiy o‘quv binosida qizg‘in ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Oliygohning bugungi kundagi ahvoli, yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishish davomida talaba va pedagogik jamoa qulayligi uchun zarur bo‘lgan bir qator masalalar mavjudligi ko‘rindi. Jumladan, institutda talabalar uchun o‘quv-laboratoriya bazasini shakllantirish, talabalar turar joylari, isitish tizimini ta'mirlash, o‘quv binosi auditoriyalari hamda talabalar turar joyini o‘quv va yotoqxona mebellari bilan jihozlashda bir qator muammolar bor.

Shu bois, Institut faoliyati bilan tanishuv davomida komissiya qisqa muddatlarda Kommunal xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, «O‘zbekenergo» AK, Toshkent viloyati hokimligiga institutning talabalar turar joyini ta'mirlash, o‘quv, yotoqxona mebellari bilan jihozlash, institutni uzluksiz energiya bilan ta'minlash choralarini ko‘rish, talabalarning aksariyati uchun qatnash qulay bo‘lgan Toshkent shahrining «Buyuk ipak yo‘li metrosi – Chirchiq davlat pedagogika instituti», Toshkent shahrining «Qo‘yliq bozori – Chirchiq davlat pedagogika instituti» yo‘nalishlarida avtobus marshruti qatnovini yo‘lga qo‘yish yuzasidan zarur takliflar bilan chiqishga qaror qildi.​

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Prezidentining 27 iyuldagi «Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi 2017/2018 o‘quv yili uchun Chirchiq davlat pedagogika institutining talabalari kontingentini Toshkent viloyatida doimiy yashayotgan, ushbu viloyat tumanlaridagi ta'lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur ta'lim muassasalariga belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilinmagan mos va turdosh ta'lim yo‘nalishlari abituriyentlari hisobidan shakllantiradi. 

Tasdiqlangan kvotaga ko‘ra, mazkur oliy o‘quv yurtiga joriy yilda jami 20ta yo‘nalishda 750 talaba qabul qilingan.

Top