O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarini bosqichma-bosqich qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, YHX davlat xizmatining yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari 2018-2022 yillarda bosqichma-bosqich qurilishi, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish tadbirlari belgilandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari - buyurtmachi etib, bosh loyihalashtirish va pudratchi tashkilotlar - belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tanlov savdolari natijalari bo‘yicha belgilanishi ma'lum bo‘ldi.
Qarorga ilova qilingan ro‘yxatda 2018 yil yanvar-fevral oyiga qadar Namangan viloyatida Angor post statsionar qismini rekonstruksiya qilish, Toshkent viloyatida esa Beskostin posti statsionarini qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi IIV buyurtmanomalariga binoan ma'lumotlar uzatish xizmatlarini ko‘rsatadi hamda zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlarini barpo etishi rejalashtirilgan.








