08:12 / 24.10.2017
30885

Qirg‘iziston MSK mamlakat tarixida hech qachon kuzatilmagan ishni qildi

Foto: Sputnik / Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat tarixida birinchi marta prezidentlik saylovlarida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning to‘liq ro‘yxatini e'lon qildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining matbuot xizmat vakili RIA Novosti’ga ma'lum qilgan.

Qirg‘izistonning yangi prezidenti saylovi 15 oktabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakatdagi eng yuqori lavozimga 11 nafar nomzod da'vogarlik qildi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, respublika Sotsial-demokratik partiyasi (SDPK) tomonidan nomzodi ilgari surilgan sobiq bosh vazir Sooronbay Jeenbekov asosiy raqibi, muxolifat vakili Omurbek Babanov ustidan birinchi turda g‘alaba qozonib, 54,7 foiz ovoz to‘pladi. Ovoz berishda saylovchilarning qariyb 55 foizi ishtirok etgan.

«Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti saylovi to‘g‘risidagi yangi konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, MSK o‘z saytida ovoz berish jarayonida ishtirok etgan saylovchilar ro‘yxatini e'lon qildi», - deya xabar berdi matbuot xizmati vakili. Uning ta'kidlashicha, bu mamlakat tarixida birinchi marta amalga oshirildi.

Shu bilan birga, jarayonda ishtirok etgan saylovchilar ro‘yxati respublikadagi barcha uchastka saylov komissiyalarining maxsus stendlarida tanishish uchun joylashtirildi, deb xabar berishgan matbuot xizmatidan.

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda MSK Qirg‘izistonda saylovlarni o‘tkazish uchun ochilgan 54 ta hududiy saylov komissiyasining 46 ta bayonnomasini qabul qilib oldi.

«Hozirda Bishkek shahri, O‘sh shahri, Tup, Qadamjoy, Qorasuv, No‘kot, Sokuluk va Nooken hududiy saylov komissiyalarining bayonnomalari qabul qilinmoqda. Taqvimiy rejaga muvofiq, bu 18 oktabrdan 3 noyabrga qadar ro‘y beradi», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi elektron axborot-saylov tizimi (AST) yordamida o‘tkazildi. U o‘z ichiga avtomatlashtirilgan o‘qish qutilari, ma'lumotlarni uzatish uchun maxsus himoyalangan kanallar, dasturiy ta'minot, markaziy server va saytni oladi. Saylovchilar ro‘yxati aholining biometrik ma'lumotlari asosida tuzilgan.

Ovoz berish tugaganidan so‘ng mamlakatning barcha saylov uchastkalarida joylashgan saylov qutilari dastlabki natijalarni MSK serveriga o‘tkazib berdi. Yakunda dastlabki natijalar ovoz berish tugaganidan keyin yarim soat ichida ma'lum bo‘ldi, ammo uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozlarni qo‘lda qayta hisoblash natijalari yakuniy, deb topiladi.

Top