"O‘zgidromet" markazi 24 oktabrda O‘zbekiston bo‘ylab tezligi 12-17 metr/soniyani tashkil qiluvchi shamol bo‘lishini prognoz qilmoqda. Bir hafta oldin Toshkent shahri va Buxoro viloyatida kuzatilgan kuchli shamol vaqtida shamol tezligi 32 metr/soniyaga yetgandi. Bu shamol vaqtida turar joy va ma'muriy binolar tomlariga, avtomobillarga shikast yetdi, poytaxtning ba'zi hududlarida elektr uzatish liniyalari uzilib ketdi, yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi.

Quyida kuchli shamol vaqtida o‘zingizni va mulkingizni saqlashga yordam beruvchi ko‘rsatmalar berilgan.

Kuchli shamol uydaligingizda kuzatilayotgan bo‘lsa

Birinchi navbatda, eshik, deraza, chordoq va ventilyatsiya lyuklarini yaxshilab yopish kerak. Derazalar oldida turmang, shamol oynani sindirib, jarohat olishingizga olib kelishi mumkin. Balkon va deraza tokchalaridan, hovlida yoki tomdagi buyumlarni olib qo‘ying. Olib bo‘lmaydigan buyumlarni mahkamlab qo‘ying.

Elektr asboblarini o‘chiring va vilkalarini rozetkadan chiqarib qo‘ying, chunki shamol vaqtida elektr tarmoqda kuchlanish sakrashi yuz berishi, bu esa yong‘inga olib kelishi mumkin.

Uydan chiqmaslikka harakat qiling, bolalaringizni uyda qarovsiz qoldirmang.

Shamol vaqtida ko‘chada bo‘lsangiz nima qilish kerak?

Biror yopiq joy toping, bu metro stansiyasi, yerto‘lalar, tunnellar, yer osti o‘tish joylari yoki mustahkam bino bo‘lishi mumkin.

Daraxtlar, reklama shitlari yoki omonat to‘siqlar ostida turmang, ular kuchli shamol vaqtida qulashi mumkin.

Elektr uzatish liniyalari yoki shikastlangan binolardan uzoqroqda turing. Shifer, oyna va boshqa buyumlarning uchayotgan bo‘laklaridan himoyalaning. Bunda karton qutilari, faner listlari, ya'ni topa olgan istalgan mos vositalardan foydalaning.

Ochiq joyda qanday himoyalanish kerak?

Bunda asosiy qoida baland, ayniqsa yakka turgan daraxt ostiga yashirinmang. O‘ra, zovur yoki jarlikda berkinib, yerga yotib oling.

Ochiq joyda yo‘l chetidagi ariqlar, temir yo‘l ko‘tarmalari, jarlar shamol to‘zg‘itgan chiqindi, qum va changdan himoyalanishga yordam beradi.