18:45 / 24.10.2017
8817

Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi tashkil etilganiga 5 yil to‘ldi

O‘zbekiston milliy matbuot markazida «Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ishlarining sarhisobi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida fuqarolik nazorati mexanizmlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda xalq va armiya  bir tan-u bir jon degan g‘oyaning amaldagi ifodasi bo‘lgan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining o‘tgan 5 yillik faoliyati tahlil qilinib, kelgusi rejalar, takliflar bilan o‘rtoqlashildi. Bu haqda KUN.UZ’ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda davomida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, xalq shoiri Iqbol Mirzaaliyev o‘tgan yillardagi kengash faoliyatini sarhisob qilish barobarida istiqboldagi rejalar bilan ishtirokchilarni tanishtirib o‘tdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi komissiya raisi, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Farrux Dadaxodjayev Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘linmalarini tuzish yo‘nalishlari bo‘yicha to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ishchi organi rahbari polkovnik Maqsud Abilov jamoatchilik uyushmalari va fuqarolik jamiyatining boshqa turdagi institutlari bilan Mudofaa vazirligi o‘rtasidagi samarali hamkorlik o‘rnatishda Jamoatchilik kengashining o‘rni to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

So‘zga chiqqanlar ta'kidlaganidek, kengash faoliyati Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, davlatning mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi siyosatini amalga oshirish va rivojlantirishga fuqarolar va jamoat birlashmalarini jalb qilish, harbiy kasb nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarning ma'naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini shakllantirish singari ustuvor maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Kengashning deputatlar, respublikamiz ijodiy uyushmalari, vazirlik va tashkilotlar vakillari, uyushmalar, jamg‘armalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, san'at va fan namoyondalari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etib borayotgani belgilangan vazifalarning to‘laqonli bajarilishiga, harbiy xizmatchilarning qat'iy iroda va xarakter, faol hayotiy pozitsiyalarini yanada shakllantirish imkonini bermoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

2017 yilning 23 avgust kuni Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘linmalari tashkil etildi.

Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘linmalari a'zolari ham garnizon va harbiy qism qo‘mondonliklari bilan yaqin hamkorlikda harbiy va mehnat jamoalarida, mahallalarda yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, Qurolli Kuchlarimizdan g‘ururlanish va harbiy xizmatga chuqur hurmat tuyg‘ularini kamol toptirish uchun harbiy vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirishga bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqdalar.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Matbuot anjumani davomida o‘tgan vaqt mobaynida Jamoatchilik kengashi a'zolari tomonidan Mudofaa vazirligi faoliyatini shaffofligini ta'minlashga, harbiy xizmatchilarga munosib xizmat va maishiy sharoitlar yaratishga, harbiy qismlarda sog‘lom ma'naviy-axloqiy muhitni saqlashga, harbiy xizmat mavqeini oshirishga, chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik hamda ma'naviy-ma'rifiy ruhda tarbiyalash ishlarini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shib kelinayotgani ta'kidlandi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Amalga oshirilayotgan ishlar bir tomondan Vatan himoyachilarining kayfiyatini, Qurolli Kuchlarda kechayotgan islohotlar, o‘zgarishlarga harbiy xizmatchilarning munosabatini aniqlashga imkon berayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan xalqimizning o‘z armiyasiga bo‘lgan e'tiborini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylandi. Buning natijasida Qurolli  Kuchlar va xalqimiz o‘rtasidagi rishtalar yanada mustahkamlanib, millatimizning o‘z armiyasiga nisbatan faxr, g‘urur, iftixor tuyg‘ulari yanada oshmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Anjumanda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, rais o‘rinbosarlari, kengashning komissiya raislari va a'zolari, shuningdek Mudofaa vazirligi mas'ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. 

 

Mavzuga oid
Top