15:10 / 24.10.2017
20463

Uydagi internet tezligi 10 Gbit/s.gacha oshirildi

London Universitet kolleji tadqiqotchilari uydagi internet tezligini 10 Gbit/s.ga qadar tezlashtirishning uddasidan chiqishdi. Ular tig‘iz vaqtlarda optik tolali tarmoqlardagi ma'lumotlarni sekin yuklash muammosiga yechim topishdi, deya xabar bermoqda ScienceDaily.

Tig‘iz vaqtda ma'lumotlarni optik tolali kanallar orqali uzatish tezligining taxminan 30 foizga pasayishi yaqinda tarixga aylanadi. UCL mutaxassislari qabul qiluvchi qurilmaning maxsus turini ishlab chiqishdi, u har bir foydalanuvchiga internet uchun ajratilgan chastotaga kirish imkonini beradi. Bu ma'lumotlarni 10 Gbit/s.dan ko‘proq tezlikda yetkazib berish degani, ya'ni Buyuk Britaniyada uydagi internetning eng maksimal tezligidan 30 barobarga ortiq.

Xitoyning Huawei elektronika ishlab chiqaruvchisi moliyalashtirilishida ishtirok etgan tadqiqot optik tolali tarmoqlarning o‘tkazish imkoniyatini oshirishga qaratilgan. Eng yaxshi holatda, ma'lumotlarni yuklash tezligini oshirish uchun har bir abonentga to‘lqin uzunligini ajratish lozim bo‘ladi. Biroq, bunday yechimlarni garchi texnik jihatdan amalga oshirish mumkin bo‘lgan bo‘lsada, juda qimmatga aylangan. UCL olimlari ancha arzonroq, ixchamroq va kamroq analog datchiklarini ishlatuvchi qurilmani ishlab chiqishdi, u har bir abonent uchun alohida ajratilgan chastotadan foydalangan holda ma'lumotlarni yuqori tezlikda uzatishni ta'minlaydi.

Qurilmaning soddalashtirilishiga optik tolali kanalga kirish tarmoqlari uchun kodlashtirish hisobidan erishildi, u avvaliga simsiz aloqada signal to‘xtab qolishining oldini olishda ishlatilgan. «Bu oddiy qabul qiluvchi qurilma foydalanuvchilarga ajratilgan to‘lqin uzunligini taklif qiladi, shuning uchun internet-sahifalar yuklanish tezligi tarmoqqa qancha foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida ulanganiga qaramay, o‘zgarishsiz qoladi», - deydi ixtiro mualliflaridan biri Sezer Erkilinch.

Yangi qurilma London markazidagi Universitet kolleji kampusini Britaniya poytaxti sharqi va g‘arbida joylashgan boshqa ikkita bino bilan bog‘lovchi optik tolali tarmoqda sinovdan o‘tkazildi. Ma'lumotlar 8 ta abonentga uzatildi, ularni kamida 10 Gbit/s.lik tezlikda yuklab olish hamda tarmoqqa qayta joylashtirish imkoni yaratildi.

Mavzuga oid
Top