Yo‘lboshchi (lider) kompaniyaning rivojlanish yo‘nalishi va maqsadini belgilab beradi, jamoani ilhomlantiradi, birlashtiradi va ravnaq toptiradi, deb yozadi ishbilarmon va biznes-murabbiy Vache Davtyan.

1. Statusning buzilishi — hayot uchun tahdiddir. Nega yo‘lboshchilarning 90 foizi baxtsiz? Chunki ular doimo status uchun kurashda yashashadi. Status — har qanday insonning eng himoya qilinadigan narsasidir. Statusga daxl qilinishi hayotga tahdid bilan tenglashtiriladi. Qadimgi zamonlarda, o‘rni balandroq erkaklar go‘shtning kattaroq bo‘lagi va eng yaxshi ayollarga egalik qilgan. Statusning buzilishi esa qabiladan quvilish va och-nahor o‘lishni bildirgan. Shuning uchun jamiyatdagi o‘rnimiz yashash uchun kurashga o‘xshaydi — statusim qancha baland bo‘lsa, shunchalik muvaffaqiyatli yashayman.

2. Doim statusi uchun kurashayotgan yo‘lboshchi — kuchsiz yo‘lboshchi. U insonlarni tahqirlab, mikro-menejment bilan mashg‘ul bo‘ladi va kompaniya vazifalarini yechishga ulgurmaydi. U doimo o‘zaro status talashuvchi ojiz insonlarni yig‘ib oladi. Alal-oqibatda ziddiyatlar yuzaga keladi va kompaniya uzoq muddatli rejada muvaffaqiyatli bo‘la olmaydi.

3. Yo‘lboshchi — ilhomlantiradi, menejyer — rag‘bat uyg‘otadi. Yo‘lboshchi kompaniyaning yo‘nalish va maqsadlarini aniqlashtiradi, jamoani ilhomlantiradi, birlashtiradi va rivojlantiradi. Menejyer insonlarning yutuqlarini rejalashtiradi, tashkillashtiradi va nazorat qiladi, shuningdek, kompaniyada rag‘batlantirish tizimini yaratadi.

4. Rahbarda yo‘lboshchilik menejyerlik sifatlarining qanday proporsiyasi bo‘lishi kerak? Har qanday insonda ham yo‘lboshchi, ham menejyerlik xususiyati bo‘ladi. Oddiy xodimda bu nisbat 90 foizga 70 foiz bo‘lmog‘i kerak. Inson rahbarlik lavozimiga ko‘tarilganida proporsiya 50 ga 50 bo‘ladi. Oliy toifali rahbar — 70 foiz yo‘lboshchi va 30 foiz menejyer bo‘ladi.

5. Tashkilot — yo‘lboshchining ko‘zgusi. Agar tashkilotingizda sizga nimadir yoqmay boshlasa, ko‘zguga qarang. Doimo sabablarni o‘zingizdan izlang, tashqaridan emas. «U yolg‘onchi» deya ko‘rmang, «nega men o‘zimni aldashlariga yo‘l qo‘yib berdim», deng.

6. Eng katta xatolardan biri eng yaxshi professionalning yo‘lboshchi qilib tayinlanishidir. Eng yaxshi sotuvchi — rahbar, eng yaxshi logist — rahbar bo‘ladi. Aslida, yo‘lboshchiga mutlaqo boshqa sifatlar kerak! Yo‘lboshchi o‘z kasbining eng yaxshisi bo‘lishi kerak emas.