Fergyusonning eng katta xatosi: gollandiyalik qoya
Yap Stam o‘ynagan ilk klub mahalliy «DOS Kampen» bo‘lgan edi. 1992 yilda esa, uning professional debyuti amalga oshdi – «Zvolle» tarkibida «Herakles»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Keyin ikki yil «Kambyur», bir mavsum «Villem» tarkibida to‘p surdi. 1996 yilning aprelida u terma jamoa safida ilk o‘yinni o‘tkazdi va hatto Yevro-96 zayavkasiga kiritildi.
«Villem» tarkibidagi oxirgi o‘yinlaridan birida Stam jamoadoshlari bilan kimsan «Ayaks» ustidan g‘alaba qozongandi, o‘sha o‘yindagi novcha, baquvvat markaziy himoyachining o‘yini Niderlandiyaning boshqa bir katta klubi PSV «Eyndxoven»ning e'tiborini jalb qiladi. Stam tezda PSVda muhim o‘yinchilaridan biriga aylandi – ikki yilda mamlakat kubogi va chempionligi, ikki superkubok. 76 o‘yinda 12 gol muallifi bo‘lgan Yap 1997 yilda Niderlandiyaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
«Men Stam qanday qilib jamoa yetakchisi bo‘lib qolganini sezmay ham qoldim. U jismonan juda baquvvat, o‘yinni juda yaxshi his qilardi va murabbiy ko‘rsatmasini qoyilmaqom uddalardi. Mana shu xislatlari unga avvalroq faoliyatini boshlagan jamoadoshlariga yetib olishda yordam berdi», – deydi o‘sha davrlarda PSVning yetakchi o‘yinchilaridan biri Filip Koku.
JCh-98da Yap Stam Niderlandiya terma jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘ldi va tabiiyki, Yevropa grandlari unga e'tibor qarata boshladi.
«MANCheSTeR YuNAYTeD»
«Agentim uyimga keldi va shaharda qurilayotgan ulkan savdo markazining qiymaticha pulni «Manchester Yunayted» men uchun to‘lamoqchi bo‘layotganini aytdi. Ishonmadim, rosti, dunyodagi hech qaysi futbolchi bu qadar qimmat bo‘lishi mumkin emas deb o‘ylardim», – deya eslaydi Yap Stam.
1998 yilning yozida uzoq yillar «MYu» markaziy himoyasining qo‘rg‘oni bo‘lgan Gari Pallisterni sotgan Aleks Fergyuson o‘rinbosarga ehtiyoj sezayotgandi. Shuning uchun, jahon chempionati tugashi bilan Fransiyada o‘zini ko‘rsatgan niderlandiyalik markaziy himoyachi haqidagi barcha ma'lumotlar murabbiyning stoli ustida turgandi. «Yunayted» Stam uchun o‘sha davr uchun aql bovar qilmas summani – 16 million yevroni to‘ladi va qahramonimiz eng qimmatbaho gollandiyalik futbolchi sifatida tarixga kirdi.
O‘sha mavsum «Manchester Yunayted» uchun qanday yakunlanganini bilamiz – Angliya kubogi finalida «Tottenhem» ustidan ishonchli g‘alaba, APL chempionligi va Barselonadagi unutilmas oqshom. Bunday yorqin debyutdan keyin, hammasi aniq, Yap Stam keyingi yillarda Yevropaning eng yaxshi jamoasida eng muhim himoyachi bo‘lishi kerak.
1999/2000 yilgi mavsumda Stamga sherik sifatida fransiyalik Mikayel Silvestr sotib olindi. Fergyuson himoya markazini Stam, Silvestr va Fil Nevill o‘rtasida rotatsiya qila boshladi. Bu qaror himoya markazida o‘ziga yarasha bog‘lamlarga sabab bo‘lishi kerak edi, ammo unday bo‘lib chiqmadi. Silvestr juda ko‘p o‘yinlarda pozitsion xatolarga yo‘l qo‘yar, shuningdek, baquvvat britaniyalik hujumchilarga yakkakurashlarda boy berardi. Fil Nevill ham hech qachon top himoyachi bo‘lmagan, uning jismoniy ko‘rsatkichlari ham bu pozitsiya kichik Nevill uchun begona ekanini ko‘rsatib turardi. Natijada, jamoa bir yilda barcha musobaqalarda 66ta gol o‘tkazib yubordi. To‘g‘ri, «MYu» o‘sha mavsumda yaqin ta'qibchisi «Arsenal»ni 18 ochkoga ortda qoldirib, chempion bo‘ldi, lekin boshqa barcha frontlarda muvaffaqiyatsiz qatnashdi.
O‘YIN USLUBI
Stam klassik stopperlar toifasiga kirardi. Baland bo‘y (1.91 sm) standart vaziyatlarda uni yengilmas raqibga aylantirardi. Taktik tomondan o‘yinni uqiy olish qobiliyati yordamida to‘pni egallab olish borasida benazir bo‘lgan. Xarakter jihatidan uni Roy Kin, Denis Irvin, Niki Batt va Peter Shmayxelning yoniga, ya'ni «yomon yigitlar» qatoriga kiritish mumkin.
Yap Stamning professionalligi va jasorati haqida ham alohida ta'kidlash mumkin. Ayniqsa, Yevro-2000dagi bir voqea hammaning esida bo‘lsa kerak. Yap to‘p uchun kurashda chexiyalik gigant Yan Koller bilan to‘qnashadi va qoshi yorilib ketadi. Vrachlar Stamning qoshini maydon chetida, kamering ko‘z o‘ngida tikishgan, futbolchining yuzida biror og‘riq alomatini sezish juda qiyin edi.
JAROHAT
Ikki ajoyib mavsumdan so‘ng, uchinchisi juda yomon boshlandi – sentabr oyida Stam og‘ir jarohat oldi va mavsum oxirigacha maydonga tushmaslikka to‘g‘ri keldi. Aynan o‘sha tanaffus tufayli Yap Stamga «Manchester Yunayted»dagi ichki muhit haqida kitob yozish g‘oyasi kelgandi. Bahorda bosib chiqarilgan «Yuzma-yuz» kitobi balki futbolchining Manchesterdagi faoliyatining tugashida muhim ahamiyat kasb etgan.
Kitobning bir necha bo‘limini kuzatgan har qanday o‘quvchi muallifning bu sohadan ancha uzoq bo‘lganini payqaydi – asar «Indzagi - simulyant», «Viyeyra – ablah» kabi noxolis baholar bilan to‘lib ketgan. U hatto aka-uka Nevillarni ham ayab o‘tirmagan, go‘yoki ularni oshiq-ma'shuqqa chiqarib yuborgandi. Kitobda Stamning klubda birorta ham do‘sti yo‘qligi haqida ham so‘z boradi, eng dahshatlisi Aleks Fergyuson Stam bilan PSVdan xabarsiz muzokaralar olib borgani haqida yozilgan. Qoidaga zid bo‘lgan bu holat yuzasidan tegishli tashkilotlar darrov surishtiruvni boshlashgan va bu Aleks Fergyusonga yetarli darajada bosh og‘rig‘i olib kelgandi.
SUHBAT
Ko‘pchilik uchun kutilmaganda, Fergyuson ushbu kitob haqida hech qanday fikr bildirmadi va Stam bilan ham bu haqida gaplashmadi. Ammo baribir murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi devor aynan o‘sha kitobning ommaga taqdim etilishi bilan bog‘liq. Kulminatsiya esa, 2001/02 mavsum startida «Fulhem»ga qarshi o‘yindan keyin sodir bo‘ldi. O‘shanda Yap Stam juda ishonchsiz harakat qilgandi.
Ular juda baland ovozda tortishdilar. Fergyuson futbolchiga yomon o‘ynaganini aytdi, Stam esa, butun jamoa qoniqarsiz bo‘lgani bilan javob qaytarib, o‘zini himoya qildi. Uzoq tortishuvdan keyin Stam uyiga ketdi, Fergyusonning muhim gapi «og‘zida qoldi».
«Uyga qaytishda menga Ser Aleksning kotibasi telefon qildi va murabbiy men bilan gaplashmoqchi ekanini aytdi. «Qayerdasan?» deb so‘radi Fergi. Men yoqilg‘i quyish shoxobchasida ekanimni aytdim. «O‘sha yerda kut» dedi Fergi. Shoxobcha oldida u mashinasini qo‘yib, mening mashinamga, oldimga kelib o‘tirdi. «Seni «Latsio»ga o‘tish varianti qoniqtiradimi?», – deb so‘radi u mendan. Men rozi bo‘ldim. Darrov. Qisqagina suhbat katta klubni tark etishimga kifoya bo‘ldi. O‘sha paytda balki bu haqida o‘ylab ko‘rmagandirman, lekin hozir eslasam, menimcha, rozi bo‘lmasligim kerak edi», – deb hikoya qiladi Yap.
KeTISh
Bir necha kun o‘tib, Stam rasman «Latsio» futbolchisi sifatida tanishtirildi. «Blanni sotib olishim mumkinligini bilganimdan so‘ng, Stamni sotish shart edi», – deb o‘sha vaziyatga baho berdi Fergyuson. Jurnalistning Stam haqidagi savoliga murabbiy, aslida transferning g‘irt sport prinsiplaridan kelib chiqilganini, kitob va boshqa masalalarning ta'siri butkul yo‘qligini aytdi. Fergyusonning o‘ylashicha, Stamning eng zo‘r davrlari ortda qolgandi, Nevillar yoki Braun kabi futbolchilarning rivojlanishi uchun esa, maydon tashqarisida ham «o‘zniki» bo‘la oladigan futbolchi kerak bo‘lardi.
«Men ketishga majbur bo‘ldim» – deydi Stam, - «men qolishim mumkin edi: shartnoma muddati tugamagan. Ammo baribir meni o‘ynatishmasdi. Mayli, bundan falokat yasash shart emas, klub o‘z qarorini berdi. Men bu qarorni to‘g‘ri deb bilmayman, lekin tushunaman».
Aslida hozir ham tushunish qiyin, «Yunayted»dek klub, o‘sha davrning eng yaxshi himoyachilaridan biri sifatida e'tirof etilgan 29 yoshli himoyachini osongina qo‘yib yuborgandi. «Old Trafford»dagi barcha mavsumlarida chempion bo‘lgan, Chempion Ligasi g‘olibi bo‘lgan himoyachini.
Yap Stamning keyingi taqdiri unchalik yorqin kechmagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib, Fergyuson o‘shanda xatoga yo‘l qo‘yganini tan olgandi. «Stamning sotilishi mening «Manchester Yunayted»dagi butun davrimda yo‘l qo‘yilgan eng katta xatodir» – deb yozadi murabbiy avtobiografik kitobida.
Kim biladi, bu voqea sodir bo‘lmaganda, Yapning Manchesterdagi taqdiri, umuman «MYu»ning taqdiri boshqacha bo‘lishi mumkin edi, zero aynan Stamning ketishidan so‘ng, 2003-2006 yillarda klub og‘ir yillarni boshdan kechirdi, ayniqsa himoya markazida to Vidich- Ferdinand juftligi paydo bo‘lguncha muammolar girdobida qoldi.
Stam esa avval «Latsio»da to‘p surdi. U 2001-2004 yillarda Rim jamoasida qoldi.
Keyingi 2 mavsumni Italiyaning boshqa bir grandi «Milan» safida o‘tkazdi.
Uning futbolchilik faoliyatidagi oxirgi jamoa «Ayaks» bo‘ldi. U futbolchilik faoliyatini yakunlagach ham Amsterdamda yordamchi murabbiy bo‘lib ishlashda davom etdi (2007-2011). Stam 2011-13 yillarda «Zvolle»da murabbiyga yordamchilik qildi. 2013 yildan 2016 yilgacha yana «Ayaks» murabbiyi bo‘ldi.
Hozir Stam «Reding» bosh murabbiyi hisoblanadi. Shu bilan birga, doim, Stam Fergyuson haqida iliq gaplar aytadi, uning faoliyatida «Yunayted»ga bo‘lgan transfer, o‘yinchi sifatida o‘ziga bo‘lgan ishonch ham murabbiyning xizmati ekanini aytishdan charchamaydi.
«Uning qo‘l ostida to‘p surish faoliyatimdagi eng katta voqea edi va men bundan faxrlanaman. Faqat ketishim bilan bog‘liq holatlarni emas, mana shu fikrlarimni ham bilishlarini istayman», – deydi niderlandiyalik sobiq futbolchi.
Murabbiy va futbolchi bugungi kunda o‘zaro nizoni unutishgan va tez-tez bir-birlari haqida yaxshi gaplar aytib turishadi. Hatto faoliyatini yakunlagach, Fergyuson Stamni «Manchester Yunayted»ning faxriy elchisi bo‘lishga taklif qildi, uni Janubiy Amerika bo‘yicha skaut qilib tayinladi.
Yap Stam aslida «MYu» libosida bir necha yuzlab o‘yinlarda maydonga tushmagan bo‘lsa-da, jamoa muxlislari yodida ishonchli, buyuk va afsonaviy futbolchi sifatida qolaveradi.
ManUnitedOne materiali asosida
Mavzuga oid
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
16:20 / 02.11.2024
«MYu»da yangi bosh murabbiy. Klub Ruben Amorimni tanlashiga 4 sabab
17:38 / 28.10.2024