09:40 / 25.10.2017
23876

Mirziyoyev tashrif buyurgan Uchtepa tumanidagi maktab kapital ta'mirdan chiqarildi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabining kapital ta'mirlashdan keyingi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Tadbirda Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati, mahalliy hokimlik vakillari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Joriy yilning iyun oyida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida mazkur ta'lim muassasasiga tashrif buyurgan edi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati

Prezident bu yerda amalga oshiriladigan qurilish-ta'mirlash ishlari va kelgusida ta'lim-tarbiya sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu maktab kapital rekonstruksiya qilinib, yangicha qiyofa kasb etdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati

Kapital rekonstruksiya qilingan mazkur maktabning tantanali ochilish marosimida ana shular haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va boshqalar navqiron avlodning zamonaviy ta'lim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha sharoitni yaratishga qaratilayotgan doimiy e'tibor yuksak samaralar berayotganini ta'kidladi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati

Bugungi kunda maktabda 1 ming 139 nafar o‘quvchilarga 63 nafar oliy ma'lumotli o‘qituvchi ta'lim berib kelishmoqda.

Butunlay yangicha ko‘rinishda rekonstruksiya qilingan maktab binosida o‘quvchilarning ta'lim olishi uchun barcha sharoit yaratildi. Maktab kutubxonasi fondi zarur darslik va adabiyotlar bilan boyitildi. Sinfxonalar zamonaviy tarzda jihozlandi. Ayniqsa, kimyo, biologiya, fizika xonalarining laboratoriya jihozlari bilan ta'minlandi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati

Shuningdek, maktab sport zali va sport maydonchasi zamon talablari darajasida ta'mirlanib, zarur sport anjomlari va inventarlari bilan to‘liq jihozlandi.

O‘quvchilarning sifatli va to‘g‘ri ovqatlanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida zamonaviy oshxona foydalanishga topshirildi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati
Foto: Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati

 

Top