Putin Irina Yarovayani korrupsiya bilan kurash kengashi tarkibidan chiqarib yubordi
Rossiya prezidenti huzuridagi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Kengash tarkibida o‘zgarishlar yuz berdi. Putin undan Davlat dumasi deputati Irina Yarovaya va boshqa a'zolarni chiqardi hamda yangi maslahatchilarni tayinladi. Bu haqda RBK xabar bermoqda.
Kengash tarkibidan Davlat dumasi deputati Irina Yarovaya, mayda Udmurtiya rahbari lavozimini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlangan Aleksandr Brechalov, advokat Anatoliy Kucherena, shuningdek, Rossiya adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Ploxoy chiqarilgan.
Ularning o‘rniga esa prezidentlik kengashi tarkibidan Savdo-sanoat palatasi prezidenti Sergey Katirin, Davlat dumasining xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qo‘mita raisi Vasiliy Piskarev, Jamoatchilik palatasi kotibi Valeriy Fadeyev va Rossiya prezidentining korrupsiyaga qarshi kurash masalalari ishlar boshqarmasi boshlig‘i Andrey Chobotov joy oldi.
Davlat dumasi deputati Irina Yarovaya yordamchisi Mariya Chekaldinaning so‘zlariga ko‘ra, Yarovayaning Kengash tarkibidan chiqarilishi «oddiy rotatsiyadir». «[Kengash tarkibiga] Davlat dumasining xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi kiradi. Irina Anatolevna qo‘mita raisi bo‘lganida, u, albatta, bu Kengash tarkibidan joy olgan. Hozir esa Kengashga qo‘mitaning amaldagi raisi Vasiliy Piskarev kiritildi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Chekaldina.
Advokat Anatoliy Kucherenaning RBK’ga aniqlik kiritishicha, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha prezidentlik Kengashidan «rasmiy, texnik sabab» tufayli chiqarilgan. «Ha, haqiqatdan ham men chiqarildim, biroq unga Jamoatchilik palatasi a'zosi sifatida kirganman, hozir esa palataga ham a'zo emasman», - degan Kucherena.
Irina Yarovaya «Yarovaya qonuni» nomini olgan terrorchilikka qarshi bir qator shov-shuvli tuzatishlar mualliflaridan biri sifatida mashhur. Bu hujjatning hammuallifi senator Viktor Ozerov sanaladi.
Qonun aloqa operatorlarini abonentlar faolligi – SMS hamda MMS xabarlari, qo‘ng‘iroqlari haqida ma'lumotlar va hokazolarni uch yil davomida o‘z serverlarida saqlash majburiyatini yuklaydi. Bundan tashqari, tuzatishlar internetda ma'lumot tarqatuvchi tashkilotlarga ham aloqador, ya'ni elektron pochta, forumlar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar hamda internet orqali xabar almashish imkonini beruvchi boshqa servislar. Ular foydalanuvchilar kommunikatsiyalari faktlari haqidagi ma'lumotni bir yil davomida saqlashga majburlar.
«Yarovaya qonuni» 2018 yilning 1 iyulidan boshlab kuchga kirishi kerak, biroq «Vedomosti» gazetasining iyul oyi boshida manbalarga asosan xabar berganidek, hukumat qonunni kuchga kirishini besh yilga kechiktirishi mumkin. Bunga Federal xavfsizlik xizmati vakilining bu boradagi tushuntirishlari sabab bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22 / 24.12.2024