Mavsum davomida barcha musobaqalarda yuzdan ortiq gol uradigan jamoalar Yevropada ko‘p bo‘lmaydi, «Manchester Siti» esa, oktabr oyi tugamasdanoq, 44 gol urib bo‘ldi. Jamoa qatorasiga 11 o‘yinda g‘alaba qozondi, ligada ta'qibchilarini 5 ochko ortda qoldirib ketmoqda, Yurgen Klopp ularni chempion deb e'lon qildi, Joze tili bilan zarba beraman deb qo‘shnilarining ojiz nuqtasini topa olmayapti, Venger esa, hozirdan Pep Gvardiola shogirdlari mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlay oladilarmi, yo‘qmi, shu mavzuda gapirib yotibdi.

Rostan ham Pepning «Manchester Siti»si Angliyadagi an'analarni buzgan holda, muddatidan avval berilgan taxminlarni ro‘yobga chiqarishga qodirmi? Nafaqat Angliya maydonlarida, balki Yevropada bugungi kunda eng chiroyli va sermahsul o‘yin ko‘rsatayotgan jamoaga kelajakda, Angliya va Yevropa maydonlarida nima xalaqit berishi mumkin? Keling, shu haqida gaplashamiz.      

PASAYISh va JAROHATLAR

Pep Gvardiolaning o‘zi ham jamoasining mavsum oxirigacha xuddi shu tempda borishlariga ishonmayapti va albatta, barcha jamoa va barcha mavsumlardagi kabi, «Siti» o‘yinini ham bir muddat pasayishlar kutib turgan bo‘lishi mumkinligini, qachondir ular ham mag‘lubiyatga uchrashlari mumkinligini tan oldi. Jumladan, «Napoli»ga qarshi o‘yinning 2-bo‘limida mehmonlarning tashabbusga ega bo‘lganlarini ispaniyalik mutaxassis shogirdlarining charchab qolgani bilan izohlagandi.

Albatta, haftada ikki o‘yin rejimida to‘p suradigan jamoa butun mavsum mana shunday o‘ynashi qiyin. Chempionlar Ligasi hal qiluvchi bosqichlari o‘rtaga kiradigan bahor oylari, balki undan ham oldinroq, dekabrdagi zich taqvimda «Manchester Siti» ochko yo‘qotishi va ta'qibchilariga imkon berib qo‘yishi mumkin. Ochko zaxirasisiz esa, bugungi yengillik, ishonch va sehr yo‘qoladi – bu xislatlar bugungi «Siti»ning eng katta ustunligi bo‘lib turibdi.

Jyezus, Sane yoki Sterling har qanchalik foydali bo‘lmasinlar, jamoa o‘yini asosan uch futbolchiga, Kevin de Bryuyne – miya, Serxio Aguero – yakunlovchi va Fernandinoga – yurak, bog‘liqdir. Yuqorida sanalgan yosh futbolchilar bilan muhim o‘yinlarda yoki ma'lum masofada barqaror natijaga erishib borish ilojsizdek tuyuladi. Kevin De Bryuyne va Agueroning esa, jarohatlarga moyil ekanliklariga avvalgi mavsumlarda guvohi bo‘lganmiz. Menimcha, APLdagi hech qaysi klub o‘z futbolchisiga «Manchester Siti» De Bryuynega bog‘langanchalik muhtoj bo‘lmasa kerak.    

HADDAN TAShQARI UZVIYLIK