08:27 / 25.10.2017
7234

Tramp qochqinlarni yana qabul qilishga ruxsat berdi

Foto: RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShda qochqinlarning qabul qilinishi qayta boshlanishi haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy ma'lum qildi.

24 oktabrda qochqinlarni qabul qilishga qarshi kiritilgan 120 kunlik taqiqlov muddati o‘z poyoniga yetdi. Bu taqiqlov mamlakat xavfsizligini kuchaytirdi, deb aytilgan farmonda.  

"Davlat kotibi, ichki xavfsizlik vaziri va milliy razvedka direktori qochqinlarni qabul qilish dasturida ko‘zda tutilgan saralash jarayonidagi yaxshilanishlar AQShning xavfsizligi va farovonligini ta'minlashga mos kelishi haqidagi xulosani berishdi. Unga ko‘ra davlat kotibi va vazirlar bu dasturni qayta boshlashlari mumkin va mamlakatga kirishi hamon uning xavfsizligiga tahdid qiluvchi qochqinlarning ba'zi toifalariga nisbatan maxsus choralarni amalga oshirishadi", deb aytilgan farmonda.   

Shu bilan birga bir qator davlatlardan qochqinlar saralab olinganda 90 kun amal qiluvchi qo‘shimcha cheklovlar joriy qilinadi. Bundan avval AQSh ma'muriyati vakili jurnalistlarga cheklovlar 11 ta davlat fuqarolariga taalluqli bo‘lishini aytgan, biroq bu davlatlar qaysilar ekani borasida aniqlik kiritmagan. Bu davlatlar fuqarolari keyingi 3 oy ichida AQShga muayyan holatlardagina kiritiladilar.

Shuningdek, davlat departamentida barcha davlatlardan keluvchi qochqinlar oila a'zolari qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilishlari aytilgan. 

"AQSh o‘z hududida dunyodagi boshqa istalgan davlatdan ko‘ra ko‘proq qochqinlarni joylashtirishni davom ettiradi. Biz eng muhtoj qochqinlarni himoya qilishni davom ettiramiz, biroq shu bilan birga amerikaliklar xavfsizligini unutmaymiz", deb aytilgan davlat departamenti bayonotida.  

Top