21:40 / 25.10.2017
6050

Janubiy Koreya sof energetikaga 40 mlrd dollar sarflamoqchi

Foto: EAST NEWS

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chjye In ma'muriyati 2038 yilga kelib atom energetikasidan voz kechmoqchi va 2030 yilgacha sof energiya manbalari mamlakat energetika tizimining 20 foizini tashkil qilishiga erishmoqchi. Bu haqda Asia Nikkei nashri xabar bermoqda

Janubiy Koreyaning 6 ta davlat elektr stansiyasi 2035 yilgacha mamlakat energetika tizimida tiklanuvchi energiya manbalari ahamiyatini kengaytirish uchun 39,9 mlrd dollar sarflashni rejalashtirmoqda. 2017 yilning o‘zida elektr energiya ishlab chiqaruvchilari quyosh va shamol energiyasi hisobiga 33 GVt elektr energiya olishni rejalashtirishmoqda. Bu Janubiy Koreyada hozirgi kunda ishlatiladigan tiklanuvchi manbalar jami energiyasidan 2 marta ko‘proqdir.  Jumladan, Korea South-East kompaniyasi quvvatlarni 5,7 GVt ga oshirib, bunga 6 mlrd dollar sarflamoqchi. 

2030 yilgacha tiklanuvchi manbalar mamlakat energetika tizimining 20 foizini tashkil qilishi kerak. Bu esa mavjud quvvatlarga yana 45 gigavatt "sof" energiya qo‘shish kerakligini anglatadi.

Prezident ma'muriyati sekin-asta yadro energetikasidan voz kechmoqchi. Shu maqsadda mamlakat 6 ta yangi reaktor qurilishi rejalarini to‘xtatdi, 2038 yilgacha esa 14 ta atom stansiyasini yopmoqchi. Shunga qaramay, Kepco kompaniyasiga ikkita yangi yadro reaktori ustida ishlarni davom ettirishga ruxsat berilgan. Hozir bu stansiyalar 30 foizga tayyor.  

Atom elektr stansiyalari o‘rniga quyosh energiyasini olishning innovatsion usullariga urg‘u beriladi. Solkiss kompaniyasi daryoda 2,67 MVt li suzuvchi quyosh panellarini o‘rnatadi. Ushbu tizim quyosh holatiga qarab aylanib turadi. Ta'kidlanishicha, buning hisobiga quyosh fermasi samaradorligi 22 foizga oshadi. 

Mavzuga oid
Top