11:55 / 26.10.2017
57992

Erdo‘g‘an Abdulla Oripov she'ridan parcha o‘qib berdi (video)

25 oktabr kuni Anqarada O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv tashkillashtirildi. 

Unda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, bu tashrifning O‘zbekistondan mamlakatga 20 yil tanaffusdan so‘ng amalga oshgani katta ahamiyat kasb etadi.

“Bu jihatdan ushbu tashrif biz uchun juda ahamiyatlidir. Muhtaram do‘stim Mirziyoyev bilan avval o‘zaro, so‘ng kengaytirilgan tarkibda uchrashuvlar amalga oshirdik. Ular juda foydali bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda iqtisodiyot, mudofaa sanoati, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, ta'lim, madaniyat va juda ko‘p sohalardagi hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdik. O‘zbekiston O‘rta Osiyoda 31,5 mln. aholisi bilan juda boy yer osti va yer usti boyliklari bilan har jihatdan strategik mamlakat hisoblanadi. Dunyoning eng yirik yettinchi tabiiy gaz, to‘rtinchi uran, oltinchi paxta ishlab chiqaruvchi va ikkinchi yirik paxta eksportchisi vaziyatidadir. Bunga qaramasdan iqtisodiy, savdo aloqalarimiz orzu etilgan saviya, bosqichda bo‘lmaganiga guvoh bo‘lamiz. O‘zaro tijorat hajmi 2016 yilda 1,2 mlrd. dollar atrofida. Bu yilning dastlabki sakkiz oyida esa 9 mln. dollarga ko‘tarildi. Qisqa muddatda ushbu raqamlarni yuqori saviyalarga ko‘taramiz”, - degan Erdo‘g‘an.

Shuningdek, Turkiya rahbarining qayd etishicha, Istanbul shahrida tashkillashtirilayotgan biznes-forum unumli bo‘lib o‘tishiga ishonchi komil. 

Bundan tashqari, Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, turizm sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirish mo‘ljallangan. 

“Janob prezidentning aytganlaridek, biz O‘zbekistonda chang‘i markazini ham qurmoqchimiz. Yana bir xushxabarni aytmoqchiman: “Turkiya havo yo‘llari” 16 martdan Istanbuldan Samarqandga muntazam reyslarni amalga oshiradi. Shunday qilib, har ikki birodar jamiyat o‘zaro aloqalarni yana ham yuqori bosqichga ko‘taradi”, - dedi u.

Erdo‘g‘an O‘zbekiston Xalq shoiri, marhum Abdulla Oripovga tegishli misralarni ham o‘qib bergan va Turkiya O‘zbekistonning do‘st, birodar sifatida har jihatdan kuchli bo‘lishini orzu qilishi haqida aytib o‘tdi.    

Mavzu
O‘zbekiston - Turkiya munosabatlari

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 25 oktabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga bordi

Barchasi
Top