O‘zbekiston | 10:10 / 26.10.2017
42824
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 20 dan ortiq hujjat imzolandi 

Foto: Twitter

25 oktabr kuni Anqarada O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ularning yakuniga ko‘ra ikki davlat o‘rtasida hamkorlikning turli sohalari bo‘yicha 20 dan ortiq hujjat imzolandi.

O‘zA xabariga ko‘ra, prezidentlar muzokarlar chog‘ida mintaqaviy va xalqaro darajada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istagida ekanliklarini ta'kidlab, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini bildirdilar. 

Tomonlar xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta'kidladilar. 

O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish borasida tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. 

Fan, ta'lim, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratildi. 

Turkiya O‘zbekistonda buyuk allomalar merosini o‘rganish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy ishlarni yuqori baholaydi. Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda tashkil qilinayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Olimlar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi aloqalar, ma'naviy va madaniy merosni birgalikda o‘rganishga qaratilgan loyihalar xalqlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadi. 

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini imzoladilar. 

Shuningdek, savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar qabul qilindi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tganini, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladilar. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda. 

Mavzuga oid