17:50 / 27.10.2017
5973

Italiya ko‘mirdan butunlay voz kechmoqchi

Foto: East News

G‘arbiy Yevropa davlatlari asta-sekin elektr quvvatining «iflos» manbalaridan voz kechish bo‘yicha katta maqsadlarini e'lon qilmoqdalar. Italiya ham bu harakatga qo‘shildi: iqtisodiy rivojlanish vaziri so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilga borib mamlakat ko‘mirni yoqilg‘i sifatida yoqishni to‘xtatadi, deb xabar bermoqda Ars Technisa.

Hozirgi kunda Italiyada umumiy quvvati 8 GVt bo‘lgan bir qancha ko‘mir elektrstansiyalari mavjud bo‘lib, bu mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidan 15 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, Italiyada faqat bitta ko‘mir koni mavjud, va iste'mol qilinayotgan ko‘mirning 90% import hissasiga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, ushbu stansiyalarning yopilishi Italiyaga Rossiya, Avstraliya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Janubiy Afrika kabi yoqilg‘i eksportchilariga qaraganda ancha kamroq ta'sir ko‘rsatadi.

Mamlakatdagi eng yirik elektr quvvati ishlab chiqaruvchi Enel kompaniyasi ko‘mirdan bosqichma-bosqich voz kechishga yordam beradi. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanadigan elektrstansiyalar (jumladan, AQShdagi ko‘plab loyihalar ham) qurishda tajribaga ega.

Italiya hukumati joriy yilning mayida ko‘mirdan 2030 yilga kelib voz kechishni rejalashtirgandi. Mahalliy elekt tarmoqlari operatori - Terna vakillarining ma'lum qilishicha, ko‘mirdan mamlakat energotizimini beqarorlashtirmasdan voz kechish uchun gaz elektrstansiyalari quvvatini kamida 1 GVt.ga oshirish lozimdir. 2030 yilgacha bu ishni uddalash uchun esa yana 2,4 GVt. gaz quvvati hamda Sardiniya bilan qo‘shimcha energotarmoq talab etiladi. Muddatlarni yana besh yilga kamaytirish yanada ko‘proq sarmoyalarga sabab bo‘ladi. 10 noyabr kuni Italiya hukumati ko‘mirdan voz kechishning batafsil strategiyasini e'lon qilish niyatida.

Top