Germaniya Fedrativ Respulikasining yurtimizga tayinlangan yangi favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld (Günter Overfeld) iqtisodiy soha delegatsiyasi va jurnalistlar hamrohligida Samarqand shahriga sayohat uyushtirdi.
Martabali mehmon shahar bilan tanishishni avvalo ko‘hna shaharning yuragi bo‘lmish Registon maydonidan boshladi. Elchi ushbu inshootlarning yaratilish tarixi bilan yaqindan tanishtirildi. Ulug‘vor madrasalar xorijlik mehmonda katta taassurot qoldirdi. So‘ngra u hamrohlari bilan Ishratxona hilxonasini borib ko‘rdi.
Ta'kidlash joizki, Tillakori madrasasi va Ishratxona hilxonasida 2004-2009 yilda Potsdam ixtisoslashtirilgan instituti bilan hamkorlikda madaniy meros obidalarini ta'mirlash bo‘yicha Germaniya-O‘zbekiston loyihasi ish olib borgan.

Sayohatining birinchi kunida janob Overfeld shahardagi DVV International loyihasi bilan hamkorlik qiluvchi «Sabr» iqtisodiy-ijtimoiy riojlanish markazini ko‘zdan kechirdi va u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. So‘ngra iqtisodiy delegatsiya a'zolari va jurnalistlar bilan «Agromir» korxonasiga borib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Birinchi kuni kechqurun shahardagi «Platan» mehmonxonasi restoranida o‘zbekistonlik hamkorlar va hamrohlik qilayotgan Germaniya firmalari vakillari hamda jurnalistlar uchun Germaniya elchisi nomidan qabul tashkil etildi.
Ertasi kuni elchi iqtisodiy delegatsiya va jurnalistlar ishtirokida 300 kishidan ortiq kishi mehnat qilayotgan Germaniya bilan hamkorlikda barpo etilgan «MAN-Uzbekistan» zavodiga tashrif buyurdi. Ushbu zavodda MAN yuk avtomobillari va avtobuslari ishlab chiqarilmoqda. Elchi avtomashinalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, shuningdek, unga zavodda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar so‘zlab berildi.

Samarqand shahrida joylashgan «Sam Antep Gilam» tekstil fabrikasiga uyushtirilgan sayohat ham martabali mehmonda chuqur taassurot qoldirdi. Ayni paytda ushbu korxonada Germaniyadan keltirilgan dastgohlar yordamida kuniga 40 ming kvadrat metr yuzaga teng, 5000 mingdan ziyod gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada 2000 nafardan ziyod kishi ko‘p smenada mehnat qilmoqda. Korxona rahbari K.Abdulloyev mahsulotlar asosan MDH davlatlari, shuningdek, Xitoy orqali jahonning boshqa davlatlariga eksport qilinayotganini so‘zlab berdi.





















