O‘zbekiston | 18:00 / 27.10.2017
67380
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda harbiy mashinalar ishlab chiqariladi

Foto: Anadolu

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi davomida «O‘zavtosanoat» AJ va Turkiyaning harbiy texnika ishlab chiqarish sohasida yetakchi kompaniyasi sanaladigan Nurol Makina ve Sanayi A.Ş. shirkati o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, Ejder Yalçın 4x4 bronetransporterlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Kelishuv asosida O‘zbekistondagi qo‘shma korxonada shunday mashinalardan jami 1000tasini tayyorlash rejalashtirilgan. Hujjat bunday harbiy texnikalarni uchinchi davlatga sotishni ham ko‘zda tutgan.

Anado‘lu xabarida qayd etilishicha, Ejder Yalçın Rossiya va Xitoyda ishlab chiqariladigan shunday turdagi texnikalar bilan raqobatlasha oladi. 

Zirhli Ejder Yalçın 4x4 transport vositasini ishlab chiqarish 2014 yilda boshlangan. Turkiya xavfsizlik kuchlari asosan shu texnikadan foydalanadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda bunday qo‘shma korxonani ishga tushirish uchun Rossiya va Xitoydagi kompaniyalar ham da'vogarlik qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga 25-26 oktabr kunlarida amalga oshirgan davlat tashrifi doirasidagi muzokaralar yakunida iqtisodiyot, savdo-sotiq, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 20 dan ziyod hujjat qabul qilindi.

Mavzuga oid