22:01 / 28.10.2017
10859

Saakashvili uni hibsga olishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qildi

Foto: RIA Novosti / Stringer

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukraina hukumati uni hibsga olmoqchiligi va ona yurtiga ekstraditsiya qilmoqchiligini ma'lum qildi. 

"Shu kunlarda bosh prokuror Lutsenko mening hibsga olinishim va Gruziya prezidenti bo‘lganimdagi harakatlarim uchun meni Gruziyaga topshirish bo‘yicha hujjatlar tayyorlash jarayonini boshladi", deb yozgan Saakashvili Facebook’dagi sahifasida.

Ukraina adliya vazirligi sentabrda Kiyev Tbilisidan Saakashvilining qidirilishi, hibsga olinishi va ekstraditsiyasi bo‘yicha so‘rov olganini ma'lum qilgan. Vazirlik Gruziyaning so‘rovini bosh prokuraturaga topshirganini ma'lum qilgan.

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko iyul oxirida Saakashvilini Ukraina fuqaroligidan mahrum qilgan. Bu vaqtda gruziyalik siyosatchi AQShda bo‘lgan. U Ukrainaga 10 sentabrda tarafdorlari yordamida qaytgan. 

Saakashvili Ukraina migratsiya xizmatiga qochqin maqomi berilishi haqida ariza bergan, biroq rad javobini olgan. Bu holat Ukraina hukumatiga uni mamlakatdan chiqarib yuborishiga ijozat beradi.

Saakashvili Gruziyani 2013 yilda, yangi prezident o‘z lavozimiga kirishgandan keyin tark etgan. U bir nechta jinoiy ishlar, jumladan davlatga tegishli 5 mln dollar mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganlikda ayblanib kelinadi.

Top