Jamiyat | 13:04 / 28.10.2017
29676
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Andijonga otlangan poyezd 2 soatu 25 daqiqaga kechikdi. Ayb kimda yo nimada?

Foto: KUN.UZ/Arxiv

Bugun (27 oktabr) ertalabdan Toshkentning Shimoliy vokzalidan Andijon tomon yo‘lga tushadigan poyezd o‘z vaqtida yo‘lga chiqmadi. Andijonga xizmat safari bilan borayotgan poyezd yo‘lovchilaridan biri tahririyatimizga yo‘lda bo‘lib o‘tayotgan voqea-hodisalarni birma bir uzatib turdi.

Toshkentdan ertalab 8:05 da yo‘lga tushishi va Andijon vokzaliga soat 13:35 da yetib borishi kerak bo‘lgan poyezd soat 9:15 da sekin, toshbaqa yurish qilib yo‘lga tushdi. Grafik bo‘yicha 1 soatu 10 daqiqadan so‘ng. Ungacha manba poyezdning qachon yurishi, umuman yurish-yurmasligi noma'lum, deb bildirib turgan edi.

Umuman, ushbu yo‘nalishdagi poyezddan foydalanuvchi boshqa o‘quvchilarimizning ham bildirishicha, Andijondan Toshkentga kelishda poyezd hech qachon vaqtida yetib kelmaydi. Toshkentdan Andijonga ketishda ham ko‘p yuz beradi bu holat. Eng qizig‘i, hech qachon hech kim buning sababini tushuntirmaydi, kechirim so‘ramaydi, vagondagi yo‘lovchilarga suv bermaydi, choy bermaydi.

1005 raqami hech qachon murojaatga javob bermaydi, «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning 237-99-98 ishonch telefoni ham tayinli javob bermaydi. Bugun ham ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilinganida «hamma rahbarlar majlisda, majlisdan chiqsa, javob berar» degan javobni olishgan.

09:24. «Poyezd ozgina yurib Janubiy vokzalda turib qoldi. Odamlar chiptaning pulini qaytarishni talab etishmoqda. «Pulimni ber, tushaman» deb talab qilayotganlar bo‘lyapti. Atay odamlar chiptaning pulini talab qilishmasin, deb yurib yubordi, endi to‘xtab-to‘xtab ketyapmiz»

10:53. «To‘xtab to‘xtab ketyapmiz»

10:54. «Xizmat ko‘rsatish rasvo»

10:55. «Choy ham berilgani yo‘q haligacha. Oldinlari soat 8:30 dan choy berilardi».

11:01. «Ablik degan binoning oldida to‘xtab turibmiz. Svetoforda muammo deyishyapti».

11:08. Hali ham turibmiz

11:09. «Svetofor deyishdi-yu, lekin qarama-qarshidan poyezd o‘tib ketdi. Aldashibdi, ro‘paradan kelayotgan poyezdni kutibmiz. Yurdik».

O‘zi butun temir yo‘l tizimida ish rasvo, deyish yaramaydi. Chunki Toshkent — Samarqand yo‘nalishida bunday muammolarni juda kamdan-kam eshitamiz. Balki, vodiy tomon eltuvchi yo‘lda muammo bordir. Balki rostdan ham yo‘l yangiligiga «naladka» tufayli kechikishlar, uzilishlar ro‘y berayotgandir, degan savol ham tug‘ildi...

«Yo‘q, yo‘l «naladka» bo‘lganiga 1,5 yil bo‘ldi, — deya tushuntirdi poyezddan foydalangan yo‘lovchilardan biri. — Muammo aslo yo‘lda emas, rejim va grafik yo‘qligida. Poyezdlar qarama-qarshi kelib qoladi, grafiklar to‘g‘ri tuzilmagan. Soatlab kichik stansiyalarda turiladi».

Vaziyatni tahlil qilgan o‘quvchilarimizdan biri shunday tushuntirish berdi:

«Bugun ham Janubiy vokzalda ro‘paradan kelayotgan poyezdni o‘tkazish uchun turilgan, aslida. Shimoliy vokzalda nega 1 soatdan ortiq vaqt turilganining sababi esa noma'lum. Butun dunyoda bor bu masala, lekin grafikni aniq qilib belgilash orqali yechiladi bunday muammolar. O‘sha ro‘paradan kelayotgan poyezd ham o‘z vaqtida yurmagani uchun bu poyezd ushlab turiladi va h.k. Chunki bular umuman grafikka amal qilishmaydi. Masalan, mana shu poyezd ortiga qaytishi ham kamida uch soatga kechikadi. Andijonda Toshkentga kelishni o‘ylab chipta olganlar ham endi siqilib kutishadi. Va qaytishda ham o‘nlab boshqa poyezdlar bilan ro‘para kelib qolinadi va kechikkan poyezd yanada kechikadi. Buni tushunish va tasavvur qilish uchun katta aql kerak emas».

12:11. «Dovondamiz».

12:13. «Tunnelga kiryapmiz».

13:39. «Popga keldik».

14:24. «Qo‘qonga keldik. Hozircha 2,5 soatga kechikyapmiz.

15:43. «Asakada bo‘lsak kerak. Qaytish soat 15:15 edi. Toshkentga ketadiganlar qon bo‘layotgandir kutib. Hali borib bular 1 soat vagonni tozalashadi».

15:44. «Kamida soat 17:00 larda ketadi endi».

Xulosa o‘zingizdan. Biz shu poyezd vagonida bo‘lgan ishonchli odam orqali voqealarning borini keltirdik, aynan daqiqasigacha yozdik. Mutasaddilar esa bu vaziyatga qanday tushuntirish berishlari barchaga birdek qiziq. O‘quvchilarimizga ham, tahririyatga ham, o‘sha poyezdga chipta xarid qilgan iste'molchilarga ham.

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid