08:49 / 28.10.2017
20806

Turkiya Kataloniya mustaqilligiga munosabatini bildirdi

Foto: Yves Herman/Reuters

Rasmiy Anqara Kataloniya parlamenti tomonidan mustaqillik e'lon qilinganini qoralaydi hamda Ispaniya hududi yaxlitligini hurmat qilishini bildiradi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida ma'lum qilingan

Ma'lumki, Kataloniya parlamenti Ispaniyadan mustaqil bo‘lish rezolyutsiyasini ma'qullab ovoz bergan edi. Shundan so‘ng, Ispaniya senati konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘llashga qaror qildi. Unga ko‘ra, muxtoriyatda Madridning bevosita boshqaruvi kiritildi. 

"Biz Ispaniyaning Kataloniyasidagi vaziyatni diqqat bilan o‘rganayapmiz. Kataloniya parlamenti tomonidan tashlangan qadam to‘g‘ri qaror emas. Ispaniya hududi yaxlitligi, mamlakat konstitutsiyasi va ispan xalqi irodasini hurmat qilamiz. Mahalliy parlament tomonidan bir tomonlama qabul qilingan qaror Ispaniya konstitutsiyasi, uning qonunlariga ziddir va mintaqa aholisining irodasini aks ettirmaydi", — deyiladi bayonotda. 

Turkiya hukumati mazkur muammo mintaqada keskinlikni oshirmasligiga hamda demokratiya va qonun ustuvorligi tamoyili asosida hal etilishiga ishonch bildirgan. 

"Biz ittifoqchimiz va do‘stimiz bo‘lgan Ispaniya ushbu sinovga dosh berishiga ishonamiz. Turkiya Ispaniya hukumatining bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi", — deb qo‘shicha qilingan Turkiya TIV bayonotida.

Mavzu
Kataloniyada mustaqillik referendumi

Ispaniyaning shimoliy-sharqiy hududida, Kataloniya avtonomiyasida, istiqomat qiluvchi aholi 1 oktabr katalonlarning mustaqillik masalasini hal etish uchun ko‘chaga chiqdi. Rasmiy Madrid ushbu harakatni yo‘qqa chiqarish maqsadida mahalliy politsiya kuchidan foydalanmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top