22:05 / 29.10.2017
4806

AFP: Burkina-Fasoning sobiq prezidenti ukasi Parijda hibsga olindi

Afrikaning Burkina-Faso davlatining sobiq prezidenti Blez Kompaorening ukasi, 63 yoshli Fransua Kompaore Parijdagi Ruassi-Sharl de Goll aeroportida hibsga olindi. Bu haqda France Presse axborot agentligi xabar berdi

Kompaore Burkina-Faso hukumati bergan xalqaro orderga ko‘ra hibsga olingan. Afrika davlati uni 1998 yilda jurnalist Norber Zongoning o‘ldirilishiga aloqador deb hisoblamoqda. Marhum jurnalist Fransua Kompaorening haydovchisi David Uedraogoning qiynoqqa solinishi va o‘ldirilishi bo‘yicha jurnalistik tergov olib borgan.

Kompaore Fransiyaga Kot-d'Ivuar poytaxti Abijandan kelgan. U samolyotdan chiqishi bilan unga order ko‘rsatilib, Fransiyaning chegaradagi politsiyasi izolyatoriga joylashtirilgan. Endi u 48 soat ichida sud oldida javob beradi. Sud uning Burkina-Fasoga topshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin.

Blez Kompaore Burkina-Fasoni 1987 yildan boshlab boshqarib kelgan. 2014 yilda davlat to‘ntaruvi oqibatida hokimiyatdan chetlatilgan. Oqibatda Kompaore mamlakatdan Kot-d`Ivuarga qochgan, u yerdan keyinchalik Marokashga o‘tgan. Uning ukasi Fransua Kompaore ham mamlakatni tark etishga qaror qilgan.

Mavzuga oid
Top