Amerika va Buyuk Britaniya oliy ta'lim muassasalari (OTM) an'anaviy tarzda barcha universitetlar reytinglarini boshqarib keladi. Bu ikki mamlakatdagi ta'lim tizimi nimasi bilan boshqalardan ajralib turadi? Forbes shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Aksariyat AQSh yoki Buyuk Britaniyada ta'lim olishni xohlaydi va bu to‘laqonli asosga ega: jahon universitetlari reytingida top-10'ning to‘rt oliy ta'lim muassasasi Britaniyada, beshtasi - Shtatlarda. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, AQSh nafaqat asosiy predmetlar, balki fikrlash va mantiq moslashuvchanligiga  yo‘naltirilgan gumanitar fanlarni ham qamrab oluvchi nisbatan keng ta'lim beradi. Buyuk Britaniya oliy ta'lim dargohlari esa tor ixtisoslashgan, "chuqur" ta'lim beradi - barcha fanlar u yoki bu darajada asosiy mutaxassislikka bog‘liq bo‘ladi. Universitetlarga kirishning o‘ziga xos jihatlaridan biri ham shundadir - agar Shtatlarda ta'lim jarayonining ikkinchi yili oxirida mutaxassislikni tanlash mumkin bo‘lsa, Britaniya OTMlarida bu kirishning o‘zidayoq hal qilinadi.

 

Mutaxassisliklar

Buyuk Britaniya OTMlari tabiiy fanlar sohasida, ayniqsa kimyoviy muhandislik, tibbiy kimyo, biokimyo, shuningdek san'at va dizayn sohasidagi ta'limda yetakchilik qiladi. Agar siz moliya sohasida ta'lim olishni va o‘z biznesingizni yuritishni istasangiz, eng avvalo Amerika OTMlariga diqqatingizni qarating. Yetaki ta'lim dargohlari salohiyatli sarmoyachilar, ishbilarmonlar, jahon kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar tashkillashtiradi. Darvoqe, bitiruvchilarning ishga joylashishiga doir jahon reytingi - QS Graduate Employability Ranking 2017'da AQSh OTMlari yetakchilik qiladi. Reyting besh asosiy jihatlarga ko‘ra tuzilgan: ish beruvchilarning nufuzi, ish beruvchi kompaniyalar bilan hamkorlik, kompaniya va universitetning o‘zaro hamkorligi, bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi va muvaffaqiyatga erishishi. Britaniya OTMlari ham reytingning yetakchi o‘rinlarini egallagan, biroq eng yaxshilar o‘nligiga faqat Oksford va Kembrij universitetlari kiradi.

Foto: Getty Images

Baholash tizimlari

AQShda bilimlar o‘qish jarayoni davomidagi uyga berilgan vazifalar, imtihonlar va kurs ishlari darajasiga qarab baholanadi, ya'ni kurs oxirida imtihonda olgan bahoingiz - bu sizning umumiy bahoingizning tarkibiy qismi, uning "vazni" ko‘pincha yakuniy ballning 0,5 foizi yoki undan kamroqni tashkil qiladi. Buyuk Britaniya uchun esa, aksincha, klassik sessiyalar xos: har yilning oxirida talabalar barcha o‘tilgan mavzular bo‘yicha imtihon topshirishadi, aksariyat hollarda kurs ma'ruzalarga asoslangan, imtihondagi baho esa yakuniy bo‘ladi. Buyuk Britaniyada 10  ballik baholash tizimi joriy etilgan, attestatsiyaning eng past darajasi - 50 ball. AQShda baholar tizimi 5 balli va u harflar orqali aks ettiriladi (A'dan F'gacha). Biroq eng muhim ko‘rsatkich — raqamlar orqali ifodalanuvchi o‘rtacha GPA (Grade Point Average) ball.