18:50 / 30.10.2017
8668

Kitobxon yoshlar Mehribonlik uyida xayriya aksiyasini tashkil etdi

Telegram mobil messenjerida mingdan ziyod kitobxon yoshlarni o‘zida birlashtirgan Intellekt guruhi a'zolari Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi Mehribonlik uyida xayriya aksiyasini tashkil etdi.

Bloger Sanjar Said feysbukdagi sahifasida ma'lum qilishicha, 29 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan kitobxonlik aksiyasi doirasida yoshlar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga o‘zbek, rus va ingliz tilidagi badiiy adabiyotlar, shuningdek sovg‘alar, o‘yinchoqlar va shirinliklar tortiq qilishdi. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari tomonidan qiziqarli badiiy chiqishlar namoyish etilgan.

«Badiiy qism nihoyasiga yetganidan so‘ng, Mehribonlik uyi kutubxonasi uchun olib kelingan kitoblar tortiq qilindi.
Intellekt kitobxon yoshlar klubining faol a'zolari har oy mehribonlik uylariga tashrif buyurib, shu kabi tadbirlarini uyushtirib turadi. Jumladan, o‘tgan oyda Chirchiq shahridagi 2-sonli Mehribonlik uyi kutubxonasi uchun kitoblar sovg‘a qilingan edi. Shu bilan birgalikda, guruhda har oy biror asarning muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Kuni kecha yoshlar o‘qish uchun tanlangan O‘tkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi" asarini muhokama qilishdi. Unda eng faol ishtirok etgan a'zo tanlab olinib, homiylarning sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Kitobxon yoshlar klubi kelgusida yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan boshqa aksiyalarni o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu borada hamkorlik va homiylik qilishni istagan ma'rifatparvarlarni chorlab qolamiz», deyiladi xabarda.

 

Mavzuga oid
Top