17:40 / 30.10.2017
11063

Komilov: «O‘zbekiston-Turkiya aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi»

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Turkiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an taklifiga binoan Turkiyada bo‘lib qaytdi. 29 oktabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov "Tahlilnoma" teledasturida Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar yakunlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. 

"Bu davlat tashrifi juda samarali va sermazmun bo‘ldi. Eng avvalo, turk birodarlarimiz, xususan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu tashrifni tarixiy deb atadi. Turkiya juda katta imkoniyatlarga ega davlat. Aholisi soni - 80 million. Yalpi ichki mahsuloti 2016 yilda 900 milliard dollarga yaqin bo‘ldi. Taxminan 160 davlatda ilg‘or faoliyat olib boradi. 

Ushbu tashrif natijasida 20 dan ortiq hujjatlar imzolandi va qabul qilindi. Bularning orasida ikki prezidentning qabul qilgan Qo‘shma bayonoti bo‘lib, unda juda muhim joyi bor - bizning Turkiya-O‘zbekiston aloqalari tarixda birinchi marta strategik hamkorlik bosqichiga ko‘tarildi. Shu darajaga olib kelish, shu darajaga ko‘tarishning o‘ziga yarasha sabablari va asoslari bor. 

Oxirgi bir yil mobaynida juda ko‘p uchrashuvlar bo‘ldi, muzokaralar o‘tdi. Prezidentlarimiz ko‘p marotaba shaxsan uchrashishdi. Yangi bosqichni boshlashga imkoniyat tug‘dirish kerak bo‘ldi. Shu yo‘lni birga bosib o‘tdik, Qo‘shma bayonotni qabul qildik. Ikki tomonlama aloqalar bugundan boshlab yangi bosqichga ko‘tarildi", - dedi TIV rahbari.

Top