2017-2018 yillarda Farg‘ona viloyati bo‘yicha qancha yo‘l va ko‘chalar ta'mirlanishi aytildi
Farg‘ona viloyatida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida 345 kilometrdan ortiq ichki yo‘llar ta'mirlanib, aholiga qulay sharoit yaratilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
Farg‘ona viloyatida avtomobil yo‘llarini saqlash, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda avtomobil yo‘llarining uzunligi 18 ming kilometrdan oshadi. Shundan 4 ming 31 kilometri umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llaridir.
2017 yilgi Investitsiya dasturi asosida viloyat hududidagi 10 kilometr uzunlikdagi 2 rekonstruksiya obektida 8 milliard so‘mlikdan ortiq bunyodkorlik ishlari bajarildi. Shuningdek, “Farg‘ona xalqasi”, “Farg‘ona aylanma yo‘li”, “Qo‘qon shahriga kirish yo‘li" kabi 7 obektda to‘la ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Farg‘ona shahridagi Nurafshon, Oqariq, Loyihaviy, Amir Temur ko‘chalarida ham ta'mirlash ishlari olib borildi.
– Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining zamonaviy tarmog‘ini yanada rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Subhonjon Soliyev. – Viloyatda xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shahar va qishloqlarning ko‘chalarini kapital va joriy ta'mirlashga alohida e'tibor qaratmoqdamiz. 2017-2018 yillarda viloyat bo‘yicha 520 kilometr yo‘llar va ko‘chalarni ta'mirlash rejalashtirilgan.
Viloyatda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish borasida manzilli dastur ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda mintaqaviy avtomobil yo‘llarining yo‘l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish, yo‘l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarida qulay sharoitlar yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarida yo‘l qoplamalarining sifati va chidamliligini oshiradigan zamonaviy qurilish usullari va texnologiyalaridan foydalanilmoqda.
Viloyatda 14 ming 500 kilometrdan ortiq qishloq ichki xo‘jalik yo‘llari mavjud. Transport qatnovi xavfsizligini ta'minlash va aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida qishloqlarda yaroqsiz holga kelgan yo‘llar bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinib, tosh-shag‘al, asfalt-beton, sement-beton va qora qoplamali zamonaviy yo‘llarga aylantirilmoqda. Hozirga qadar tumanlardagi yo‘l xo‘jaligi korxonalari tomonidan 170 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llari tuproq qoplamadan shag‘al qoplamaga o‘tkazildi va 175 kilometr uzunlikdagi yo‘llar asfalt bilan qoplandi. 345 kilometr yo‘llarni ta'mirlash ishlari to‘liq yakunlanib, aholi va transport qatnovi uchun qulayliklar yaratildi. Shuningdek, Qo‘qon shahridagi 49,2 kilometr ichki yo‘llarni ta'mirlash ishlari ham yakuniga yetkazilmoqda.
Mavzuga oid
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024