00:26 / 31.10.2017
15098

Abdulla Aripov: O‘zbekiston «Shimol-Janub» transport yo‘lagi orqali yuk tashishdan manfaatdor»

Foto: Trend.az

«Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘lining foydalanishga topshirilgani qadimiy Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash yo‘lidagi beqiyos qadamlardan biri bo‘ldi». Trend.az’ga ko‘ra, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov BTQ temir yo‘lining rasmiy ochilish marosimida aytib o‘tgan.

Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘li «Shimol-Janub» loyihasining muhim elementlaridan biri ekanligini qayd etib, Abdulla Aripov O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali yuk tashishdan manfaatdor ekanligini qo‘shimcha qilgan.

«Bu yo‘nalish, — degan bosh vazir Aripov, — mamlakatning iqtisodiy va traznit salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi va butun mintaqaning gullab-yashnashiga xizmat qiladi».

«Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevni, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni, Gurjiston bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili va barcha mehmonlarni bugungi tarixiy voqea bilan tabriklashga, shuningdek, Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya birodar xalqlariga farovonlik va kelgusidagi ishlariga rivoj tilash uchun ijozat bergaysizlar», — dedi O‘zbekiston bosh vaziri.

«Shimol-Janub» xalqaro transport yo‘lagini barpo etish g‘oyasi 1993 yilda ilgari surilgan. 2000 yilda tranzit yo‘nalishini o‘tkazuvchi Rossiya, Hindiston va Eron o‘rtasida tegishli bitim tuzilgan. Rejalashtirilishicha, ushbu yo‘lakdan foydalanilganda nafaqat yukni yetkazishga ketadigan vaqt, shuningdek yetkazish qiymati ham qisqaradi.

«Shimol-Janub» transport yo‘lagi Shimoliy Yevropani Janubiy-sharqiy Osiyo bilan bog‘lashni, jumladan Ozarboyjon, Eron va Rossiyaning temir yo‘llarini birlashtirishni maqsad qilgan. Birinchi bosqichda bu yo‘lakdan yiliga 5 million tonna, kelgusida 10 million tonnadan ziyod yuk tashish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid
Top