20:03 / 31.10.2017
4513

Braziliya Milliy Olimpiya qo‘mitasining huquqlari tiklandi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomondan vaqtinchalik chetlatilgan Braziliya Milliy Olimpiya qo‘mitasining Milliy Olimpiya qo‘mitalari uyushmasidagi huquqlari tiklandi. Bu haqda XOQ matbuot xizmati ma'lum qildi.

XOQ  ijroiya qo‘mitasi 6 oktabrda Braziliya Milliy Olimpiya qo‘mitasini vaqtinchalik uyushmadan chetlatishga qaror qilgandi. Bunday qaror Braziliya MOQ raisi va 2016 yilgi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi rahbari Artur Nuzmanning korrupsiyada gumon bilan hibsga olinishi bilan bog‘liq holda qabul qilingan. Shu sababli XOQ Braziliya MOQga barcha to‘lovlarni muzlatgan va 2016 yilgi o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi bilan barcha aloqalarni to‘xtatgan.

Ta'kidlanishicha, endi Braziliya MOQ shu hafta Pragada o‘tadigan Milliy Olimpiya qo‘mitalari uyushmasi va Panamerika sport tashkiloti uchrashuvlarida ishtirok eta oladi. Biroq, Braziliya MOQga nisbatan qo‘llangan barcha sanksiyalar o‘z kuchida qoladi.      

Nuzman Rio-de-Janeyroning 2016 yilgi o‘yinlar poytaxti sifatida tanlanishi uchun 2,5 mln dollar pora berganlik gumoni bilan 5 oktabrda hibsga olingan. Nuzmanning hibsga olinishi haqidagi qaror u o‘z soliq deklaratsiyasiga 16 ta oltin yombisi sotib olgani haqidagi ma'lumotni kiritmoqchi bo‘lgandan keyin qabul qilingan.

Top