O‘zbekiston futbol federatsiyasi kelasi yil Oliy ligada 12ta jamoa ishtirok etishini e'lon qildi.

Bu qaror mamlakatimiz futboliga aloqador bo‘lgan ba'zi shaxslarni hayron qoldirdi. Xususan, Oliy ligada so‘nggi o‘rinlarni egallab turgan jamoa murabbiylar bundan ochiqchasiga norozi bo‘ldi.

Championat.asia sayti bu borada «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov va «So‘g‘diyona» ustozi Igor Shkvirin fikrlari bilan qiziqdi.

Musobaqa jadvalida 14-o‘rinni egallab turgan «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Menga kelasi yil Oliy ligada 12ta jamoa bo‘lishi haqida xabar berishdi. To‘g‘risi, buni eshitib hayron qoldim. Chunki bizda bu mavsum uchun reglament chiqarilgan. Shunday ekan, agar 2019 yildan shunday formatga o‘tamiz deyilganida boshqa gap edi. Lekin bu yangilik to‘satdan chiqdi va endilikda pastki o‘rinlardagi jamoalarda biz nima uchun futbol o‘ynayapmiz degan savol paydo bo‘ladi. Futbolchilar ham shok holatida, bundan keyin mashg‘ulot o‘tkazish kerakmi-yo‘qmi, o‘ylanib qoldik. Hamma Oliy ligada 12ta jamoani qoldirish o‘zaro kelishuv asosida hal qilindi deyapti, lekin shaxsan mendan hech kim maslahat so‘ragani yo‘q.

- Sizningcha, 12ta jamoani qoldirish nima beradi?

- O‘yinlar soni ko‘payishini aytishimiz mumkin. Hozir har bir jamoa 30ta o‘yin o‘tkazyapti, keyingi yil 33tadan o‘yin bo‘lar ekan. Menga qolsa jamoalar sonini ko‘paytirgan ma'qul, shunday bo‘lgan taqdirda o‘yinlar ham ko‘p bo‘ladi.

- Endi «Neftchi» qolgan to‘rtta turni qanday o‘tkazadi?

- Men bungayam hayronman. Bizda reglament bor edi va shunga amal qilib kelayotgandik. Endi esa reglamentning keragi bo‘lmay qoldi. Hayronman, buyog‘iga nima uchun maydonga tushamiz? Vaziyatga real qarash kerak, mavsum tugashiga to‘rt tur qolganida qanday qilib 11-o‘rinni qo‘lga kirita olamiz? Bilasizmi, FIFA, UYeFA yoki OFKda biror musobaqaga o‘zgartirish kiritiladigan bo‘lsa, bu narsa kamida 2-3 yil oldin ma'lum qilinadi. Keyin shunga qarab hamma tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Lekin chempionat davom etayotgan paytda to‘satdan yangi format haqida qaror chiqarilishi men uchun tushunarsiz» - dedi Abramov.

Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi 28 ochko bilan 13-o‘rinni egallab, «xavfli zona»da turibdi. Jamoa bosh murabbiyi Igor Shkvirin Oliy ligada 12ta jamoa qolishi haqidagi fikrlarini aytdi.