Joriy yilning iyul-avgust oylarida Samarqand viloyati hududida ham yo‘l-transport hodisalari va inson o‘limiga sabab bo‘layotgan avtohalokatlar soni keskin oshib ketgani tashvishlanarli holat ekanligi qayd etilgan edi.
Viloyat IIB matbuot xizmatining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, olib borilgan keng qamrovli ishlar samarasi o‘laroq, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, markaziy ko‘cha va yo‘llarda unga bog‘liq zarur ko‘rsatkich belgilarini yangilash, olib tashlanganlari yoki yo‘qlari o‘rniga yangilarini o‘rnatish, qolaversa, svetoforlarning uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.
Shahar markazlari va chiqish yo‘llarida 12X18 metr o‘lchamda «Haydovchi, seni uyda oilang kutmoqda!», «Yo‘l qoidasi — umr foydasi», «Tezlikni oshirib, umringni qisqartirma!» va boshqa matnlarda haydovchilarni ogohlikka da'vat etuvchi, hushyorlikka chaqiruvchi pano va plakatlar o‘rnatilib, tungi paytda «Ulug‘bek», «Yuqori nuqta» shtab YPX postlarida uzoq yo‘l bosib harakatlanayotgan qo‘shni viloyat fuqarolari, yo‘l harakati ishtirokchilariga uyqu-charchoqni qochiruvchi yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘lik holatlar aks etgan eslatma va flayerlar tarqatilmoqda.
«Xususan, Vena konvensiyasi tavsiyalariga asosan yangi ko‘rinishdagi haydovchilik guvohnomalarining yaqin kunlarda joriy qilinishida haydovchilarning imtihondan o‘tkazish, ular orasida targ‘ibot ishlarini olib borish orqali yo‘l-transport hodisalari, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar sonini ham birmuncha kamaytirish mo‘ljallanmoqda», — deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i podpolkovnik Abdunabi Nosirov.
Ammo, yo‘llarda harakatlanuvchilar — yo‘lovchi va piyodalar tomonidan rioya etilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik, ularning bir-birini hurmat qilishi yuqori saviyada, deb bo‘lmaydi.
Shu maqsadda Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati qat'iy talablari asosida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatida ham keng ko‘lamda turli tadbirlar uyushtirilmokda. Ularning ichida eng samaralisi — yo‘l harakati xavfsizligi talab-qoidalarini pisand qilmaydigan qo‘pol kimsalar ham aniqlanayotgan haftaning shanba-yakshanba kunlari o‘tkazilayotgan «Avtopatrul» tadbirlari bo‘lmoqda.
Masalan, «Avtopatrul-reyd»ning so‘nggi shanba kuni natijalariga nazar solsak, viloyat hududida yul-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida 213 nafar davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etilgan reyd davomida jami 1060ta qoidabuzarlik aniqlandi. Ularning tahliliga ko‘ra 123 holatda tezlikni oshirish, 107 yo‘l belgisiga amal qilmaslik, 115tasi xavfsizlik kamarini o‘tkazmaslik, 184ta holatda hujjatsiz, haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasini boshqarish, 14 holat svetofor va chorrahadan o‘tish qoidasini buzish, 61tasi quvib o‘tish qoidasini qo‘pol ravishda buzish, 16tasi avtomobil boshqarish jarayonida telefondan foydalanish, 37 sug‘urtasiz boshqarish, 9tasi qayta jihozlash, 10tasi oyna tusini o‘zgartirish, 4tasi temiryo‘ldan o‘tish qoidasini buzish va boshqa turdagi transport vositasilarini xavfsiz harakatlanishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlandi.

















