Urganch va Xiva oralig‘ida yangi temir yo‘l liniyasi qurilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 27 yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan chog‘ida temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yilishini ta'kidlagan edi. Shunga binoan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari va quruvchilari tomonidan Urganch va Xiva shaharlari oralig‘ida yangi temir yo‘l liniyasini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Loyihaga ko‘ra, 31,7 km yangi temir yo‘llar yotqizish, Xivada milliy uslubni o‘zida jamlagan zamonaviy temir yo‘l vokzalini qurish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda tuproq va yer ishlari deyarli yakunlandi. Maxsus mexanizatsiyalashtirilgan yo‘l stansiyasi jamoasi tomonidan 743 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi. Bugungi kunga kelib, jami 93 ta sun'iy inshootdan 63 tasi qurib bitkazildi. Loyihadan o‘rin olgan bitta yo‘l o‘tkazgichni barpo etishda aksiyadorlik jamiyatining ko‘priksozlari tajribasidan foydalanildi. Bunyodkorlik jarayoniga 200 nafardan ortiq ishchi-muhandis, 100 ga yaqin qurilish texnikasi jalb qilingan.
Xiva shahrida zamonaviy, milliy uslublar bilan uyg‘unlashgan temir yo‘l vokzalini qurish ishlari ham jadal sur'atlarda olib borilmoqda. “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari bu yerga kelayotgan sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida vokzal binosini ko‘hna Xivadan uncha uzoq bo‘lmagan hududda joylashtirdi. Inshoot ikki qavatli bo‘lib, o‘zining ko‘rkamligi, milliyligi, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklari bilan e'tiborni o‘ziga jalb etadi.
Loyihaga ko‘ra, vokzal bir vaqtning o‘zida 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Uning oldida zamonaviy, musiqali favvora o‘rnatiladi. Bino tashqi ko‘rinishidan Xorazm me'morchiligi namunalarini o‘zida aks ettiradi. Hozirda bu yerda qurilish-montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Yirik loyiha amalga oshirilgach, poytaxt qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva bilan o‘zaro bir yo‘lda birlashadi, bu esa O‘zbekiston aholisi, chet ellik mehmonlar uchun ko‘plab qulayliklarni yaratadi.
Mavzuga oid
10:31
Urganch va A380 trassasi o‘rtasidagi 81 km yo‘l rekonstruksiya qilinadi
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
15:37 / 07.11.2024
Xorazmda kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘ldi
13:42 / 28.09.2024