31 oktabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida 4 guruh uchrashuvlari o‘tkazildi. 4-turdan keyinoq «PSJ» va «Bavariya» guruh masalasini hal qilib bo‘ldi, oxirgi yillarda turnir favoritlaridan biri bo‘lib kelgan «Atletiko» esa turnirni tark etish yoqasida qoldi. «Tribuna» seshanba oqshomidagi o‘yinlarning asosiy voqealarini eslab o‘tadi.
Mourinoning muxlislar bilan ziddiyati

O‘tgan haftada «Tottenhem» bilan o‘yin (1:0) yakunlanishi hamono, Joze Mourino kameraga qarab barmog‘ini labiga tekkizgan holda, «jim bo‘l» ishorasini qilgandi. Ko‘pchilik bu harakat asosan, so‘nggi paytlarda jamoa o‘yinini tanqid qilayotgan jurnalistlarga qaratilganini taxmin qilgan bo‘lsa-da, aslida stadionga tashrif buyurgan muxlislar uchun ham murojaat bo‘lishi mumkin ekan.
Mourinoning «Benfika»ga qarshi o‘yindan oldin aytilgan qo‘yidagi fikrlari buni isbotlagandek bo‘ldi:
«Umid qilamanki, bugun o‘z ishimizni uddalaymiz va YeChL pley-offiga yaqinlashamiz. Yana shuni umid qilamanki, o‘yin ham ko‘pchilikka, jumladan, «Tottenhem» bilan o‘yinni yoqtirmagan ba'zilarga ham yoqadi», – dedi portugaliyalik mutaxassis.
Murabbiyning bu gaplari va tabiiyki, oldingi o‘yindagi harakati uning Reshfordni Marsiyalga almashtirish qarorini hushtakbozlik bilan kutib olgan muxlislarga qaratilganini taxmin qilish mumkin. Oqibatda Marsiyal «Tottenhem» darvozasiga g‘alaba golini urdi, Mourino esa, «jim bo‘linglar, bu yerda men bossman» degandek bo‘ldi – «yopishyapti».
«Benfika»ga qarshi o‘yin ham «MYu»ning aktiviga yozildi – 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba, «Old Trafford»da qatorasiga 38 mag‘lubiyatsiz o‘yin. Bu ham klub rekordi.
Luis Suares qachon gol uradi?

Hujumchilarning golsiz seriyalari darrov ko‘pchilikning e'tiborini tortadi va bu haqida gapira boshlaydilar. Masalan, Krishtianu Ronalduning muavaffaqiyatsiz boshlangan mavsumi haqida. Ammo «Barselona»ning g‘alabali o‘yinlari va Messining sermahsulligi fonida Luis Suaresning muammosi uncha ko‘zga tashlanmayotgandek.
Ushbu mavsumda barcha musobaqalarda Suares hammasi bo‘lib 3 gol urdi xolos. Chempionlar Ligasidagi to‘rt o‘yinda u hali raqib darvozasini ishg‘ol qila olmayapti. Urugvaylik hujumchi so‘nggi 4 o‘yinda ham gol urmadi, «Olimpiakos»ga qarshi o‘yinda uning 7 zarbasi hisobni o‘zgartira olmadi.










