22:31 / 01.11.2017
12967

Forbes dunyoning eng nufuzli ayoli kimligini ma'lum qildi

Foto: ren.tv

Forbes nashri Germaniya kansleri Angela Merkelni dunyoning eng nufuzli ayoli deb topdi. Merkel joriy yilda Germaniyada o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra o‘z lavozimiga qayta saylangan. 

Merkel 7 yildan beri shu nomga loyiq deb topib kelinmoqda.

Eng nufuzli ayollar reytingining 2-pog‘onasini Britaniya bosh vaziri Tereza Mey, 3-pog‘onasini esa Misrosoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geystning rafiqasi, tadbirkor va saxovatpesha Melinda Geyts egallagan.

Mey siyosatdagi muvaffaqiyatlari va Brexit jarayonidan o‘tgani sababli bu reytingga birinchi marta kiritildi. Melinda Geyts turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda grantlar uchun 40 mlrd dollar sarflashgan va 100 dan ko‘proq davlatlardagi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlab keladilar.

Reytingning yetakchi o‘ntaligidan shuningdek Facebook operatsion direktori Sheril Sendberg (4-pog‘ona), General Motors bosh direktori Meri Barra (5), YouTube bosh direktori Syuzen Voyjitski (6), Fidelity Investments prezidenti Ebigeyl Jonson (7), XVJ taqsimlovchi direktori Kristin Lagard (8), Santander guruhi direktorlar kengashi raisi Ana Patrisiya Botin (9) va IBM bosh direktori Jinni Rometti ham o‘rin olgan.

E'tiborlisi, AQShning sobiq davlat kotibi va 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan Hillari Klinton ancha past o‘rinni – 67-pog‘onani egallagan, vaholanki u o‘tgan yilgi reytingda 2-pog‘onaga loyiq deb topilgandi.

Reytingdan 2 nafar rossiyalik – Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nibiullina (49-o‘rin) hamda "Rossiya segodnya" va RT axborot agentligining bosh muharriri Margarita Simonyan (52-o‘rin) ham joy olgan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 26-pog‘onani, AQSh prezidenti Donald Trampning qizi va maslahatchisi Ivanka Tramp 19-pog‘onani, amerikalik mashhur teleboshlovchi Opra Uinfri 21-o‘rinni egallagan.

Top