Kataloniya rahbari lavozimidan chetlashtirilgan Karles Puchdemon Belgiyadan siyosiy boshpana so‘rash niyatida emas, aksincha, u mintaqa mustaqilligi uchun kurashni davom ettirmoqchi. Siyosatchi Barselonani tark etganidan so‘ng, Bryusselda o‘tkazilgan ilk matbuot anjumanida ishtirok etdi. U o‘zini Kataloniyaning qonuniy rahbari deb atadi va o‘z qarashini Yevropa jamoatchiligi e'tiboriga yetkazish niyatida ekanini bildirdi.
Shunga qaramay, Ispaniya Oliy sudi mamlakat prokuraturasining muxtoriyat parlamenti rahbariyati ustidan bergan murojaatini qabul qildi. Siyosatchilar, o‘z navbatida, Kataloniyada bo‘lajak saylovlarda Puchdemon bloki ko‘p ovoz to‘plashiga shubha qilmoqda. RT voqealar rivoji qanday tus olishi mumkinligi haqida hikoya qiladi.
Kataloniyaning Ispaniya hukumati tomonidan lavozimidan chetlashtirilgan rahbari Karles Puchdemon Bryusselda jurnalistlar oldida qilgan ilk chiqishida muxtor o‘lka mustaqillikka tinch yo‘l bilan erishish bo‘yicha dastur qabul qilganini ma'lum qildi. U, shuningdek, Kataloniya mustaqilligi uchun siyosiy va tinch yo‘l bilan kurashni davom ettirishini ta'kidladi.
Bundan tashqari, Puchdemon Belgiyadan siyosiy boshpana so‘rash niyatida emasligini ta'kidladi.
«Men Belgiyaga, aynan Bryusselga kelishga qaror qildim, chunki u Yevropa markazi. Bu yerda erkinlik va xavfsizlik masalasida erkinroq harakatlanasiz. Ammo men siyosiy boshpana so‘rash uchun bu yerga kelganim yo‘q», — degan u. U o‘ziga ma'lum bir xavfsizlik kafolati taqdim etilsa, Kataloniyaga qaytishini aytdi.
Shu o‘rinda, Belgiya bosh vaziri Sharl Mishel Kataloniya sobiq rahbarining Bryusselga kelishi uyushtirilmaganini qayd etdi.

«Belgiya hukumati Puchdemonning kelishi uchun qanday harakatlarni amalga oshirgani yo‘q. Qirollik hukumati Ispaniyada siyosiy muammoga barham berish uchun tinch muzokaralar o‘tkazishga bir necha marotaba chaqirgan», — degan bosh vazir.
Karles Puchdemon esa, Bryusselga «Yevropa bilan gaplashib olish uchun» kelganini ta'kidlamoqda.
«Men Kataloniyaning qonuniy rahbari sifatida Yevropa va dunyo bilan Kataloniyada nimalar bo‘layotgani haqida muloqot qilish niyatidaman. Madrid harakatlari adolat emas, qasos bilan yo‘g‘rilgan», — deya ta'kidlagan Puchdemon.



















