08:00 / 01.11.2017
58917

Nyu-Yorkdagi terakt O‘zbekiston fuqarosi tomonidan sodir etilgani gumon qilinmoqda

Foto: Reuters

31 oktabrda Nyu-Yorkning Quyi Manxetten tumanida, Jahon savdo markazi yonida sodir etilgan teraktni O‘zbekiston fuqarosi Sayfullo Soipov amalga oshirganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda CNN telekanali xabar bermoqda.  

Ta'kidlanishicha, 29 yoshli Soipov AQShga 2010 yilda kelgan. Oxirgi vaqt u Florida shtatidagi Tampa shahrida yashagan.

Eslatib o‘tamiz, gumonlanuvchi yuk mashinasida velosipedchilar uchun mo‘ljallangan yo‘lkaga katta tezlikda chiqib, bir necha piyodalarni urib ketgan. So‘ngra maktab avtobusiga borib urilgan. Buning oqibatida oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 8 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi yaralangan. Jinoyatchi politsiya tomondan yaralangan va shifoxonaga yetkazilgan. 

Dastlab jinoyatchi mashinadan tushgach otishma boshlagani, u pnevmatik va  peyntbol o‘yini uchun mo‘ljallangan to‘pponchalar bilan qurollangani ma'lum qilingandi. Biroq keyinroq politsiya boshlig‘i Jyeyms OʼNilning ma'lum qilishicha, jinoyatchida faqatgina peyntbol to‘pponchasi bo‘lgan va u yon-atrofdagi odamlarga o‘q uzmagan.

Ma'lum qilinishicha, hujum oqibatida Belgiyaning bir fuqarosi halok bo‘lgan va 3 fuqarosi yaralangan. Shuningdek, Argentinaning 5 fuqarosi halok bo‘lgan va bir fuqarosi  jarohat olgan.

NBC telekanalining politsiyadagi manbalarga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, gumonlanuvchi mashinada hujumni IShID nomidan amalga oshirayotgani haqida xat qoldirgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp teraktda halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi hamda AQSh o‘z hududiga IShIDning kirishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.

Mavzu
Nyu-Yorkda terakt

31 oktabr, seshanba kuni Manhettenda yuk mashinasini boshqargan shaxs odamlarni qasddan urib yuborishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi. Teraktni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs kelib chiqishiga ko‘ra o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov.

Barchasi
Mavzuga oid
Top