Seshanba kuni AQShning Nyu-York shahrida terakt sodir etgan Sayfullo Soipov asli Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan ekan, deb xabar bermoqda Republic. Aprel oyida Sankt-Peterburg metrosini portlatgan tashkilotchilar ham Rossiyaga Qirg‘izistonning shu shahri va unga yaqin bo‘lgan Jalolobod shahridan kelgan yigitlar edi.

Ularning barchasi 2010 yilning bahorida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik to‘qnashuvlardan qochib, butun dunyo bo‘ylab tarqab ketishgan. Ular vatani bilan aloqalarni yo‘qotishgan, lekin yangi joyda hali moslasha olishmagan. O‘zligimni topaman, deya ular ko‘pincha dinga mukkasidan ketishadi va radikal oqimlarga qo‘shilib qolishadi. Ularning ichidan hozircha sanoqlilari terroristlarga aylanishgan, migrantlarning aksariyat qismi tinch hayotda o‘zlarini topa olishgan.

O‘shda tug‘ilgan

Sayfullo Soipov — etnik o‘zbek. Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, u 1988 yilda tavallud topgan, AQShga esa 2010 yili kelgan. Floridada yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlagan, Amerikada yuk tashish bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan ikkita xususiy firmasini ro‘yxatdan o‘tkazgan. So‘ng Nyu-Jyersiga borib joylashib, Uber xizmatida taksichilik qilgan. Associated Press’ning kompaniya ma'lumotlariga tayanib yozishicha, so‘nggi olti oy mobaynida 1400dan ziyod chaqiruvlarga chiqqan.

Ukraina sharqi va Suriyada harbiy mojarolarni o‘rganuvchi Conflict Intelligence Team guruhidan Ruslan Leviyevning qayd etishicha, aktivistlar terrorchining Facebook’dagi akkauntini topishga muvaffaq bo‘lgan. Hozir u bloklangan, biroq Republic uning saqlanib qolgan nusxalari bilan tanishgan.

Soipovning profili ikkita ekan: birini u 2011 yilning martigacha ishlatgan, ikkinchisida esa so‘nggi qayd 2013 yil fevralining oxirida yozilgan. Ijtimoiy tarmoqdagi ma'lumotlarga asoslanib aytish mumkinki, jinoyatchi Amerikaga kelguncha O‘zgan (Qirg‘izistonning O‘sh viloyati)da, shuningdek, Rossiyaning Vologda shahrida yashagan. Ikkinchi akkauntida yozilishicha, Qo‘shma Shtatlarda Soipov Ohayo shtatining Klivlend shahrida yashagan. The New York Times ma'lumotlariga ko‘ra, u o‘sha yerda O‘zbekistonda tug‘ilgan qiz bilan turmush qurgan. Ya'ni Feysbukdan olingan ma'lumot matbuot topganlariga mos kelmoqda.

Soipovning tanishlari o‘z akkauntlarida yashash joyi sifatida Toshkent va O‘shni ko‘rsatishgan. Umumiy hisobda Soipovning do‘stlari safida 23 kishi bo‘lgan. Ulardan biri Republic’ga Soipov bir muddat O‘shda yashaganini tasdiqlagan.