Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) «Biznesni yuritish 2018» yangi reytingida O‘zbekiston 74-o‘rinni egalladi.
2017 yilning 31 oktabrida e'lon qilingan «Biznesni yuritish 2018: ish o‘rinlarini yaratish uchun islohotlar» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 190 davlat orasida 74-o‘rinni egalladi va o‘tgan yilga nisbatan o‘z reytingini 13 pozitsiyaga yaxshiladi.
Qolaversa, mamlakat biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlarning birinchi o‘ntaligiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va biznes yuritish sharoitlarini soddalashtirish bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari orasida yetakchiga aylanishiga imkon berdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi axborot xizmati.
Jahon bankining «Biznesni yuritish 2018» hisobotidagi 10 ta indikatorning 6 tasi bo‘yicha sezilarli o‘sishning qayd etilganligi ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami va natijadorligidan darak bermoqda.
Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimining tubdan takomillashtirilgani tufayli O‘zbekiston korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatkichi bo‘yicha 11-o‘rinni band etdi. Bu yo‘nalish bo‘yicha mamlakat AQSh, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya va boshqa rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi.
2017 yilning 1 aprelidan boshlab mamlakatda tadbirkorlik sub'yektlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishlay boshladi, unga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tish jarayoni avvalgi ikki ish kuni o‘rniga atigi 30 daqiqani band etmoqda. Tadbirkorlik sub'yektini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni onlayn tarzda to‘ldiriladigan ariza asosida amalga oshirilmoqda. Bunda ariza beruvchiga mazkur tizim orqali ta'sis hujjatlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra namunaviy shakllar asosida rasmiylashtirish imkoni beriladi.
Joriy yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 marta ko‘p kichik biznes sub'yektlari tashkil etilganining o‘ziyoq mamlakatda biznes ochishning oson ekanligidan dalolat beradi.
2016 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub'yektlarini elektr tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash tartibining joriy etilganligi bu jarayonda bevosita tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokini talab etadigan ma'muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va qisqartirish imkonini berdi. Avvallari elektr ta'minoti tizimiga ulanish uchun tadbirkorlik sub'yektlari 7-10 idoraga borishlari talab etilgan bo‘lsa, bugunga kelib buning uchun “yagona darcha” markazlariga birgina ariza bilan murojaat qilish kifoya. Qolgan qadamlar – texnik shartlar tayyorlashdan to tarmoqqa ulashgacha – barchasi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining maxsus xizmatlari tomonidan ariza beruvchilar ishtirokisiz amalga oshiriladi.






