Sport | 11:20 / 02.11.2017
12033
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya terma jamoasi Sochi-2014 olimpiadasi oltin va kumush medalidan mahrum qilindi

Foto: CBC

Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) Denis Osvald rahbarligidagi komissiyasi rossiyalik chang‘ichilar ishi bo‘yicha qarorni e'lon qildi.

Unga ko‘ra, Aleksandr Legkov va Yevgeniy Belov aksildoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topildi. Har ikkala sportchi keyingi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishdan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, sportchilarning Sochi-2014 olimpiadasidagi barcha natijalari bekor qilindi.

Xususan, Legkovning 50 km poygadagi oltin medali va Rossiya terma jamoasi tarkibida 4x10 km estafeta musobaqasidagi kumush medallari bekor qilindi. Endi bu medallar XOQ tashkilotiga qaytarilishi shart.

Belov Sochi-2014 musobaqasida 15+15 km poygada 18-o‘rinni, 15 km poygada esa 25-o‘rinni egallagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoasi Sochi-2014 olimpiadasida 13ta oltin, 11ta kumush va 9ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘lgan edi.

Ayni paytda, rossiyalik boshqa sportchilarning aksildoping qoidalarini buzganligi to‘g‘risida surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Mavzuga oid