Jahon | 19:00 / 02.11.2017
8641
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi urush yillari davomida 634 jurnalist halok bo‘ldi

Foto:aa.com.tr

Suriyadagi fuqarolik urushi boshlangandan buyon mamlakatda 634 nafar jurnalist halok bo‘lgan. Ularning aksariyati prezident Bashar Asad rejimi tarafdorlari qo‘lida halok bo‘lgan, deyiladi Suriya huquqni himoya qilish tarmog‘i (SNHR) hisobotida. Ma'lumotlar 2 noyabr - Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazo berilmaslikka qarshi kurash kuniga bag‘ishlab taqdim etildi. 

SNHR ma'lumotlariga ko‘ra, Asad rejimi kuchlari 526 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistning o‘limiga aloqador. 

"Suriya rejimi OAV vakillariga nisbatan qasddan jinoyatlar uyushtirmoqda, ularning huquqlarini buzmoqda. Bugungi kunda ham Suriyadagi ko‘plab jurnalistlar o‘ldirilmoqda, qo‘lga olinmoqda va turli qiynoqlarga duchor qilinmoqda. Shuningdek boshqa guruhlar, jumladan, IShID terrorchi tashkiloti ham bu kabi jinoyatlarni amalga oshirmoqda, biroq boshqa ko‘lamda", - deyiladi manbada. 

Hisobotga ko‘ra, Suriyada Rossiya HKK xatti-harakatlari natijasida halok bo‘lgan jurnalistlar soni 16 nafarni tashkil qilmoqda. IShID - 46,  PKK/PYD - 3, "Hayat tahrir ash-sham" guruhi 6 jurnalistning o‘limiga aloqador, 

Qurollangan muxolifatning rejim tarafdorlariga qarshi  janglari natijasida esa 21 jurnalist halok bo‘lgan.

Suriyadagi nizolar boshlanganidan buyon 1124 nafar jurnalist o‘g‘irlangan yoki qo‘lga olingan, deyiladi hisobotda.

Suriyadagi fuqarolik urushi 2011 yilning martida harbiylarning norozilik namoyishchilariga qarata o‘q uzganidan so‘ng qurolli to‘qnashuvga aylangan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, ziddiyat davomida 400 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgan, 10 milliondan ortig‘i o‘z uyini tark etishiga to‘g‘ri kelgan. 4,8 million kishi mamlakat tashqarisidan boshpana topgan. 

Mavzuga oid