Amerika Kongressida Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashuvi yuzasidan ikkinchi eshituvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Facebook vakillari Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgani ehtimol bo‘lgan reklama roliklarini namoyish qilishdi. Tadqiqotchilarning fikricha, Facebook va Instagram tarmoqlaridagi minglab akkauntlar Amerika saylovlariga doir reklamalarni xarid qilishgan hamda shu yo‘l bilan saylovga aralashgan.
TJ sayti tadqiqotchilarning fikricha, amerikalik saylovchilarga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan reklamalar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Qoratanlilar huquqi

Ushbu ijtimoiy reklamada politsiyachilar bilan otishmada yoki qamoqda saqlanayotgan vaqtda halok bo‘lgan uch nafar qoratanlining surati aks etgan. Ularning o‘limi Black Lives Matter tashkilotining ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.
Reklama 2015 yil iyulida «Feysbuk»ka joylangan bo‘lib, Jorjiya, Merilend, Missuri va Virjiniya shtatlarida istiqomat qiluvchi 18 yoshdan kattalarga mo‘ljallangan. Reklama 200 mingdan ortiq foydalanuvchi tasmasida paydo bo‘lgan, uni 12 mingga yaqin foydalanuvchi yoqlagan. Reklamaga 915 dollar sarflangan.
Politsiyachilarni o‘ldirish

Reklama suratida halok bo‘lgan hamkasbiga hurmat bajo keltirayotgan politsiyachilarni ko‘rish mumkin. Unga berilgan izohda sharqiy Bostondagi otishma yodga olinadi. O‘shanda ikki politsiyachi va Black Lives Matter faoli halok bo‘lgan edi. Reklama so‘ngida Demokratik partiya nomzodi Hillari Klintonga «politsiyachilarga qarshi zo‘ravonliklar tarafdori» deb baho beriladi va Donald Tramp «politsiyachilarni terrorchilardan muhofaza qila oladigan yagona inson» ekani aytiladi.
Reklama «Feysbuk»da 2016 yil oktabrda paydo bo‘ldi. U 3362 kishining tasmasida ko‘ringan, unga 761 kishi e'tibor qaratgan. Reklama qiymati 8,56 dollar.
Trampga qarshi mitinglar













