Hurmatli, Qonunchilik palatasi deputatlari!
Ushbu ochiq xatda bir nechta OAV faoliyatiga oid, ya'ni muxbirni qiynab kelgan masalalar haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, uning yechimi huquqiy jihatdan asoslantirishi uchun sizdan ko‘mak so‘raymiz.
Mamlakatimiz rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yar ekan, o‘zgarish va islohotlarni kuzatib borishning o‘zi kishini shoshirib qo‘ymoqda. O‘zbekiston va jahonda yuz bergan voqealarni xolis, tezkor va sifatli yoritib berish mas'uliyati OAV vakillari oldiga katta vazifalarni qo‘ygan bo‘lsa, boshqa tarafdan jamoatchilik nazorati hamda ustuvor manfaatlarni targ‘ib etish kabi masalalar jurnalistlar nazaridan chetda qolmayapti. Shunga qaramay, axborot makonida yuz berayotgan jarayonlarni yoritishda bir qancha qonuniy qiyinchiliklarga duch kelish holatlari paydo bo‘lgan.
Xususan, sud majlislarini yoritish, aholining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida qilinayotgan sa'y-harakatlar ayrim hollarda samarasiz yakunlanmoqda. Bunga OAV muxbirining sudda audio va video texnikadan foydalanishi, ochiq sud majlisini o‘zining majburiyatini anglagan holda keng jamoatchilikka yoritishda duch kelayotgan taqiqlarini eslashning o‘zi kifoya. Misol uchun, Kun.uz muxbiriga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ochiq sud majlisini yoritishda sudya D.Zokirova tomonidan taqiq qo‘yilgani hamda texnika vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaganini keltirish mumkin.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasida shunday deyilgan:
«Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatish taqiqlanadi».
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida esa OAV muxbirining audio, video yoxud foto-texnikadan foydalanishiga oid hech qanday modda kiritilmagan. Bunday qoida Jinoyat va Xo‘jalik protsessual kodekslarida uchraydi. Ya'ni sudyaning roziligi bilan ochiq sud majlisida muxbir zarur texnikadan foydalanishi mumkinligi haqida ushbu kodekslarda maxsus norma belgilab qo‘yilgan.
Tahlil qilinsa, sudyaning qay uslub bilan taqiqni joriy etganini huquqiy jihatdan oqlash qiyin kechadi, ammo jurnalistning maqsadi sud faoliyatini tanqid qilish emas, balki OAV muxbirlari faoliyatini erkinlashtirish yo‘lida qadam tashlashdir.
Shu vaziyatga monand, «Toshbozorsavdo» uyushmasi binosiga kirishda (e'tibor qiling, yuqori davlat organi yoki valokatli idora haqida gap ketmayapti) audio, video va foto-texnikadan foydalanish, ularni bino ichiga olib kirish taqiqlanishi ko‘rsatilgan belgi devorda osig‘lik turadi. Bunda binoning qo‘riqlash xizmati muxbirdan (hujjatlarini taqdim etishiga qaramay) zarur texnik vositalarini saqlash xonasida qoldirishini so‘raydi, albatta.








