Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yetuk mutaxassis, pedagog o‘qituvchilari bilan mashhur. Texnika oliy o‘quv yurti shu kabi bilimgohlar o‘rtasida aynan professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan ajralib turadi.

Oliygohda 45 yildan buyon «Gruntlar mexanikasi, asos va poydevorlar» fanidan dars berib kelayotgan ana shunday fidoyi o‘qituvchilardan biri — dotsent Fayzullo Ikromovni nafaqat respublikamizda, o‘z vaqtida qo‘shni davlatlardan ham oliygohga kelib ta'lim olgan ko‘pchilik mutaxassislar yaxshi taniydi. Pensiya yoshida bo‘lishiga qaramasdan, o‘z kasbi ustasi bo‘lgan dotsent hamon o‘zbek va rus tillarida o‘qiydigan guruhlarga bab-baravar saboq berib kelmoqda. Domla institut miqyosida o‘tkazilgan «Oliy ta'lim muassasasining eng yaxshi pedagogi–2017» tanlovida faxrli birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan.

F.Ikromovni institut hovlisida uchratib qolganimda o‘zini qiynayotgan bir chigal masala haqida gapirib qoldi. Keling, buyog‘ini domlaning tilidan bayon etsak.

Domla «oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining ba'zi bir rahbar xodimlari tomonidan ro‘y-rost «qo‘lingdan kelganini qil, har qanaqasiga bizning aytganimiz bo‘ladi», qabilida ko‘p yiliik pedagogning qadr-qimmatini yerga urib, hujjatlarni soxtalashtirib, g‘ayriqonuniy qabul qilgan qarori»dan juda dilgir edi.

«Men oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan «Eng yaxshi o‘qituvchi» respublika tanlovining «mutaxassislik bo‘yicha eng yaxshi pedagog» nominatsiyasida ishtirok etdim, — deb gap boshladi dotsent F.Ikromov. — Komissiya a'zolari TAQIning o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori A.Mirisayev, vazirlik qoshidagi bosh ilmiy metodik markaz xodimi I.Eshmamatov, SamDAQIning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Rahimov va boshqalar oldida o‘z pedagogik konsepsiyam bo‘yicha rus tilida chiqish qildim.

Komissiya a'zolari tomonidan berilgan savollarga to‘liq javob berdim, ishlab chiqqan konsepsiyaga komissiya tomonidan biror e'tiroz bo‘lgani yo‘q. Faqat komissiya a'zolaridan biri «agar prezentatsiyangizni proyektor orqali namoyish etib ko‘rsatganingizda yanada yaxshiroq bo‘lardi», dedi.

Men esa videoproyektor orqali slaydlar yordamida ma'ruza qiladigan o‘qituvchining bilim saviyasi, pedagogik mahorati yuqori bo‘lishiga shubha qilaman, deb javob berdim. Ya'ni, yaxshi bilim saviyasiga ega bo‘lmagan o‘qituvchi videoslaydlar orqali ma'ruza matnini o‘qib berishi, talabalarga ko‘chirtirishi, tayyor chizmalar va oldindan tayyorlab qo‘yilgan formulalarni ko‘rsatishi bilan cheklanishini aytdim.